Nyu-York shtatida partiyaviy saylovlarga bir hafta qolar ekan, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da'vogar Ted Kruzning bir izohini nyu-yorkliklar va uning siyosiy raqiblari keskin tanqid qildi. Bu esa texaslik senatorga saylov kuni qimmatga tushishi mumkin.
Nyu-yorkliklar Kruzni “Muhojirlarga qarshi bo'lsang, bu yerga kelma!" degan shiorlar bilan kutib oldi.
Nomzod shaharning barcha besh rayonida sovuq qarshilanmoqda.
“Kelgan joyiga qaytsin”, - deydi bruklinlik bir ayol.
Ted Kruz yanvar oyidagi chiqishida saylovdagi raqibi, tadbirkor Donald Trampni tanqid qilarkan, uni Nyu-York qadriyatlarini, ijtimoiy-liberal qadriyatlarni o'zida mujassamlantirgan nomzod deb aytgan edi. Shundan so'ng Nyu-York shahar va shtat rahbarlari senatordan izohi uchun uzr so'rashni talab qildi.
“Abortga qarshi bo'lgan, an'anaviy oila munosabatlari tarafdori bo'lgan, qurolga egalik qilish huquqini qo'llab-quvvatlayotgan nyu-yorkliklardan uzr so'rayman", - dedi Kruz aholining konservativ qismini nazarda tutib.
Nomzod Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo bunday odamlarga liberal Nyu-Yorkda joy yo'q deb aytganini eslatdi.
Bu shtatda o'tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Kruz Trampdan 35 foiz ortda ketmoqda. Tadbirkor senatorning izohini o'ziga qarshi qo'lladi.
“Kruzning hazar bilan "Nyu-York qadriyatlari" deganiga e'tibor bering", - dedi u.
Yana bir respublikachi nomzod, Ogayo gubernatori Jon Keysik televideniye orqali "Qadriyatlar" degan reklama buyurtirdi:
“Ted Kruz Nyu-York qadriyatlarini mensimayapti. U aksariyat odamlar Nyu-York qadriyatlari nima ekanini juda yaxshi bilishini aytadi. Ted Kruz ovoz olish uchun odamlarni bo'lib qo'ymoqda. Jon Keysik esa muammolarni hal qilish uchun ularni birashtirmoqda”, deyiladi reklamada.
Odatda Nyu-York respublikachilari ijtimoiy konservatizm bobida Kruzning elektorati hisoblangan janubdagi injilchilardek mukkasidan ketmagan bo'lsa-da, ular orasida ham Kruz tarafdorlari bor. Masalan, Brayton Bichda yashovchi ortodoks yahudiylar nomzodning oilaviy qadriyatlarga doir qarashlarini qo'llab-quvvatlaydi.
“U ma'naviyatni himoya qilmoqda, oilaning mustahkam bo'lishi muhim", - deydi Daniel ismli yahudiy.
Boshqalar Kruzning noqonuniy muhojirlarga qarshi qattiq turishini yoqtiradi.
“Uyingizga begona odam sizdan beruxsat kirib qolsa, uni mehmon qilmaysiz. Biz ham mamlakatimizga noqonuniy kirganlarni haydashimiz kerak", - deydi yana bir yahudiy.
Biroq saylovlarga sanoqli kunlar qolarkan, Kruz aksariyat nyu-yorkliklar ko'nglini olishni uddalashi amri mahol.