Din

Dog'istondagi hujumda taniqli shayx o'lgan

  • Amerika Ovozi

Ko'zga ko'ringan peshvo Said Atsayev Maxachkalada deputatlar oldida so'zlamoqda, 15-dekabr, 2010-yil.

Dog'istonning Chirkey qishlog'ida taniqli ulamo Said Afandi Atsayev portlash qurboni bo'lgan.

Uning uyiga ziyoratchi bo'lib kirgan ayol belidagi bombani ishga solgan. Natijada Atsayev va uning besh shogirdi halok bo'lgan.

U Said Afandi al-Chirkaviy nomi bilan tanilgan, Dog'istondagi Naqshbandiya va Shozaliya tariqatlari shayxi bo'lgan.

Omma orasida ekstremist dindorlar, ayniqsa, vahhobiylikka mansub musulmonlarning keskin tanqidchisi sifatida nom qozongan.

Portlashni kim amalga oshirgani va ortidagi maqsadlar ma'lum emas.

Dog'istonda qonli xuruj va hujumlar tez-tez sodir etilib turadi. Shimoliy Kavkaz ekstremist guruhlar va jangarilar faol hudud ekani bilan ma'lum va mashhur.

Shuningdek, Rossiya axborot agentliklari xabariga ko'ra, seshanba kuni Dog'istonda chegarachi o'z sheriklariga qarata o't ochib, yetti kishini o'ldirgan.

Otishmada uning o'zi ham o'ldirilgan.