Vashingtonda jinoyat yo'lidan qaytgan yoshlarga mukofot puli?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Jinoyatga qo'l urmagan yoshlarga moliyaviy yordam?

AQShning yirik shaharlarida qotilliklar soni yana osha boshladi. Poytaxt Vashingtonda bu yil oxirgi yetti yilda eng ko'p odam o'ldirilgan. Shahar qonunchilari jinoyatchilikka qarshi yangi dastur boshlamoqchi. Unga ko'ra, jinoyat sodir etmagan yoshlarga mukofot puli beriladi.

Erika Brisko bir paytlar jinoyat olamiga aralashib qolgan shaxs edi. U hozir dizayner bo'lish orzusida; yoshlarga kiyim tikadi.

Trening dasturi hayotimni o'zgartirdi, deydi u.

"Ko'zimni ochdi. Hayotimda nima qilishni o'rgandim. Qo'limdan nima kelishini bilib oldim", - deydi u.

Erika o'tmishdagi xatolarini takrorlamaslik ahdida qat'iy.

"Do'konga borib oziq-ovqat o'g'irlardim. Uyimda o'zimga va ukalarimga yegulik bo'lsin deb. Bu borgan sari kattalashib bordi. Endi mashinalarni, odamlarning uylarini o'mara boshladik. So'ng o'smir sifatida to'qqiz yarim oy qamoqda o'tirdim", - deydi u.

Erika ruhiy yordam beruvchi va ish o'rgatuvchi maxsus dastur tufayli hayotini o'zgartirdi. O'zini yaxshi tutsa va ma'lum shartlarni bajarsa, unga hatto soatiga sakkiz dollar stipendiya ham berishadi.

"Ayrim odamlarga to'g'ri ishni qildira olish uchun pul to'lash kerak. Menda boshqacha. Chunki muvaffaqiyat qozonish va o'zimni yaxshilashim uchun bu yerda ko'p narsa o'rganyapman", - deydi qiz.

Vashington shahar kengashi ro'yxatda turadigan yoshlar uchun maxsus dastur yo'lga qo'ymoqchi. U orqali yoshlarga hunar o'rgatish va maslahat berish kabi xizmatlar ko'rsatiladi.

"Yoshlarga jarohatlaridan tuzalib, sermahsul fuqaro bo'lishlarida yordam berishimiz kerak. Buning evazini, hozirmi yoki keyinmi, baribir to'laymiz", - deydi faollardan biri.

Ronald Moten qamoqdan chiqib, faol jamoatchiga aylandi. U sakkiz yil oldin jinoyatga qo'l urmagan yoshlarga har oy 300 dollar pul bergan dastur muvaffaqiyatli kechganini eslaydi.

"Biz ijtimoiy yordam dasturlari haqida gapirmayapmiz. Kimnidir saqlab qolish haqida gap ketyapti. Transportdan foydalanishi, dasturxoniga ovqat qo'ya olishi uchun yordam berib, hayotlaridagi salbiy holatlarning oldini olishimiz va shu tariqa ularni sermahsul fuqarolarga aylantirishimiz mumkin", - deydi u.

Motenga ko'ra, dastur amal qilgan yillar Vashingtonda zo'ravon jinoyatchilik kamaygan. Ammo tanqidchilar 200 ta odam uchun ajratiladigan bunday yordam yarim million dollarga tushishini va natija juda kam bo'lishini aytadi. Shahar ma'muriyati hozircha mablag' ajratgani yo'q.

"Afsuski, biz jinoyatning oldini olish uchun emas, balki uni fosh qilish uchun pul to'laymiz", - deydi politsiyachi Vendeta Parker.

Vashington politsiyasidan Vendeta Parker dastur haqida aniq ma'lumot bera olmasligini aytadi. Ronald Moten kabi faollar esa dastur yuzasidan qaror berishga siyosat aralashmasligini va u yoshlar uchun foydali bo'lishini umid qilmoqda.