Nohaq qamalgan amerikalik islohot uchun kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Oliy jazo, adolatsiz sudlov va bir mahbus taqdiri

O’tgan chorak asr davomida AQShda 1500 dan ortiq odam jiddiy ayblov bilan qamoq jazosini o’tab bo’lgandan so’ng oqlangan. Xyuston shahridan 49 yoshli Entoni Greyves ham bir paytlar Texas shtatida o’limga hukm qilingan edi. Keyinchalik uning aybsiz ekani aniqlandi. U hozir qolgan vaqti va mablag’ini jinoiy sudlov tizimini isloh qilishga sarflamoqda.

Antoni Greyves bugun ozod odam. U qolgan umrini AQSh adliya tizimini nuqsonlardan tozalashga bag’ishlamoqchi.

Yaqingacha u qamoqxonada o’limini kutib o’tirgan bir mahbus edi.

“Hayotimning 18 yilini oldingiz. Meni o’ldirishga urindingiz. Endi har kuni qarshingizda turib, ahvolni o’zgartirishga da’vat qilaman”, - deydi u.

Greyves 1994-yil bir ayol, uning qizi va to’rt nabirasini o’ldirishda aybdor topilib, 20 yilga yaqin qamoqda o’tirdi. Shundan 12 yili o’lim hukmi ijrosini kutish bilan o’tdi.


49 yoshida oqlandi. Greyves hozir Sent-Tomas universiteti professori va huquqshunos Nikol Kesarez bilan adliya tizimi islohoti haqida ommaviy chiqishlarda qatnashmoqda.

“Men talabalarim bilan shu ishda yordam berishga qarror qildim va buni Antonining ishidan boshladik”, - deydi professor.

Greyves qamoqda o’tirganda unga tirkalgan jinoyat uchun boshqa birov aybini bo’yniga oldi. Ammo uning to’liq oqlanishi uchun uzoq yillar ketdi. Greyves adolatsizlikning sababini qashshoq ayblanuvchilarda huquqiy himoya olish imkoniyatining yo’qligi va politsiyaning kuch ishlatishi bilan bog’laydi.

U nohaq qamalgani uchun Texas hukumati to’lagan bir yarim million dollar tovon pulining bir qismini hozir shu islohot yo’lida sarflamoqda.

Universitetlarda talabalar Greyves va Kesares fikrlarini iliq munosabat bilan qarshi olmoqda.

“Boshimdan o’tgan narsani odamlar bilsin, deb aytib beraman. Jinoiy sudlov tizimida adolatsizlik davom etayotganini tushunishsin”, - deydi Greyves.

“Entonining hikoyasi talabalarga qattiq ta’sir qiladi. Ular o’zgarish qilish uchun ovoz berishga urinadi”, - deydi professor.

Entoni Greyves o’tmishidan ko’p afsuslanmasligini, uni ko’proq kelajak xavotirga solishini aytadi.