Breaking News

20 siyosiy mahbus ayol taqdiri... AQSh e'tiborida


AQSh-BMT: Siyosiy mahbus ayollar ozod etilsin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

AQSh-BMT: Siyosiy mahbus ayollar ozod etilsin

Bundan 20 yil oldin butun dunyodan ayol liderlar Pekinda yig'ilib, jinsiy tenglikka erishish va ayollar huquqini himoya qilish bo'yicha kelishib olgan edi. AQSh hukumati bu oy shu hodisaning 20 yilligini nishonlash munosabati bilan 13 davlatda siyosiy ayblovlar bilan nohaq qamalgan 20 nafar ayolni ozod qilish kampaniyasini o'tkazmoqda. Ular orasida O'zbekistonda panjara ortida o'tirgan Matluba Komilova ham bor. Komilova 2010-yilda qoradori savdosida ayblanib qamalgan. Lekin aslida politsiyani yulg'ichlikda ayblab chiqqani uchun nishonga olingan, deydi huquq faollar. Komilova huquqbon edi.

Vashingtonning BMTdagi elchisi Samanta Pauerning aytishicha, agar hukumatlar ayollar haq-huquqini himoya qilishni istasa, avvalo, ularni hibsga olishni bas qilishi kerak.

Dunyo bo'ylab qamoqxonalarda va mehnat lagerlarida minglab siyosiy mahbus ayollar bor.

71 yoshli xitoylik jurnalist Gao Yu ulardan biri. U davlat sirini oshkor qilganlikda ayblanib, shu yil 7 yilga qamaldi.

34 yoshli eronlik talaba faol Bahora Hidoyat ham shunday. U xorij matbuotiga ruxsatsiz intervyu berish va Eron yetakchilarini haqorat qilish kabi ayblovlar bilan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Shimoliy Koreyada esa o'n minglab siyosiy mahbuslar bor. Ularning ko'pi ayollar. Elchi Pauer bu mahbuslardan birortasining nomini tilga olmoqchi emas. Chunki bu ular hayotini xavf ostiga qo'yadi, deydi rasmiy.

"Biz Shimoliy Koreya haqida umumiy surat yaratishga qaror qildik. U yerdagi barcha mahbus ayollarni, barcha siyosiy ayblov bilan qamalganlarni himoya qilamiz", - deydi Pauer.

AQSh rasmiysiga ko'ra, nohaq zulm ko'rgan ayollarni unutmaslik muhim.

"Ular haqiqiy odamlar, haqiqiy qahramonlar. Jamiyatlariga ko'p foyda keltiradigan odamlar. Ularni qamash emas, qo'llab-quvvatlash kerak", - deydi u.

BMTdagi AQSh missiyasi har kuni bir dona mahbus ayolning suratini e'lon qilmoqda. Dunyo yetakchilari BMTning yillik anjumaniga tashrif buyurgan kuni 20 nafar mahbus ayolning surati BMT binosiga osib qo'yiladi.

"Nyu-Yorkka kelib 1-ko'chaga kirgan odam derazalarga ilingan bu 20 rasmni ko'rmasdan qolmaydi. Ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalanyapmiz. Kongress ham bizni qo'llab-quvvatlayapti", - deydi Samanta Pauer.

Uning aytishicha, AQSh turli vositalar orqali, jumladan, yetakchilar bilan bo'ladigan shaxsiy uchrashuvlarda inson huquqlari va siyosiy mahbuslar taqdiri masalasini ko'tarishda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG