2016-yilda AQSh prezidentligi uchun nomzodlikni Hillari Klintonga boy bergan senator Berni Sanders yana poygada qatnashishini e’lon qildi. Uning qatorida maydonga chiqqan yana o’nlab demokratlar iqtisodiyot, ekologiya va sog’liqni saqlash sohalarida progressiv g’oyalarni olg’a surmoqda.
Respublikachilar va Prezident Trampga ko’ra, demokratlar sotsializm yo’lidan ketmoqda. Mafkuraviy munozaralar saylov kampaniyasining ajralmas qismi.
Prezidentlikka demokrat da’vogarlar shtatma-shtat yurib, takliflarini ommaga taqdim etmoqda.
Vermont shtatidan senator Berni Sanders o’zini sotsial-demokrat deb tasvirlaydi.
“Maqsadimiz - hammaga birdek xizmat qiladigan hukumat va iqtisodiyotni yaratish”, - deydi u.
Progressiv energiya yangi a’zolar saylangan Kongressda ham sezilib turadi. Nyu-yorklik qonunchi Aleksandriya Okasio-Kortezning ekologiyani muhofaza qilishga doir rejasi shov-shuvga sabab bo’ldi.
“Mamlakat sifatida kelajak tomon qadam tashlanayotganimizdan xursandmiz. O’tmishda qolib ketmaymiz”, - deydi Okasio-Kortez.
Demokratlarning iqlim o’zgarishiga qarshi kuchli chora ko’rish da’vatini, boylarga soliqni oshirish va sog’liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish takliflarini respublikachilar va Prezident Tramp tanqid qilmoqda.
“Qo’shma Shtatlarda sotsialistik sistemani joriy qilaman deb yurganlar bor. Sizlarga va dunyoga yana bir bor aytib qo’yay: Amerika sotsialistik davlat bo’lmaydi. Hech qachon”, - deydi Tramp.
Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosiga ko’ra, bugungi Demokratik partiya keng qamrovli.
“Partiyamiz hech kimning yo’rig’iga yurmaydi. Qotib qolgan, monolit tashkilot emasmiz va hech qachon bo’lmaganmiz. Unaqa partiya kimga ham kerak?”, - deydi Pelosi.
Demokratlar doimo o’zaro va boshqalar bilan mafkuraviy kurashda bo’lgan, deydi tahlilchi Larri Sabato.
“Qiziqchi Vill Rojers 1920-yillarda “men uyushgan bir siyosiy partiya a’zosi emasman, men demokratman”, degan ekan. Bu gap aynan Demokratik partiyani aks ettiradi. Uning fraksiyalari ko’p, shuning uchun nomzodlar ham rang-barang”, - deydi u.
Saylovchilar, deydi sharhlovchi Ileyn Keymark, prezidentlikka nomzodni ayrim xususiyatlariga qarab ham tanlaydi.
“Nisbatan yosh, agressiv, mamlakat oldidagi muammolarni yechishga qodir bo’lishi kerak. Donald Trampga umuman o’xshamaydigan nomzod bo’ladi”, - deydi Keymark.
Ammo ko’plab saylovchilar Trampni mag’lub eta oladigan nomzodni tanlashni ham istaydi.
“Agar nomzodning qarashlari Berni Sanders kabi o’ta so’l tarafga og’sa, Trampga yutqazishi ham hech gap emas. Nazarimda, aksar demokrat saylovchilar hayotda ham, siyosiy nuqtai nazardan ham ekstremal takliflarga qo’shilmaydi”, - deydi siyosatshunos Jim Kessler.
Siyosiy jihatdan markazchilar, sobiq vitse-prezident Jo Bayden va Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg ham poygaga qo’shilishi kutilyapti. Kelasi oylarda bahs-munozara qizishi turgan gap.