27 yil davomida insoniyatga xizmat qilgan Discovery bulutlarni oralab, Florida shtatida qo’ndi.
Yana bir muvaffaqiyatli parvoz, lekin bunisi Discovery uchun so’nggisi. NASA rahbari Charlz Bolden kapitan Stiven Lindsi va ekipaj a’zolarini birma-bir tabrikladi.
"Samoga 39 marta parvoz qilib, tarixiy voqealarga guvoh bo’lgan kemamizni nafaqaga chiqarish payti keldi. O’zimiz ham ikki marta uchganmiz unda. Bu hammamiz uchun ma’yus damlar",- deydi Bolden.
Discovery ilk bora 1984 yilda samoga ko’tarilgan bo’lsa, hozirgacha buzilgan-netgan yeri yo’q. AQSh Fazo agentligining faxriy sinovdan o’tgan kemasi, deydi missiya kapitani Stiv Lindzi.
"26-27 yil davomida orbitani kezib, sanoqsiz ilmiy tajribalarda ishtirok etgan mashinaga qoyil desa bo’ladi",- deydi Lindzi.
Endigi vazifa – uni ta’mirdan o’tkazib, muzey uchun tayyorlash.
"Hamkasblarim to’g’ri aytishdi, kemani so’nggi yo’lga kuzatayotib, har daqiqa o’tgan sari ma’yus tortadi kishi", - deydi kapitan Lindzi.
"Dasturning shuncha yil ravon ishlashini ta’minlagan mutaxassis va fazogirlarga rahmat aytmoqchiman".
Olti a’zoli ekipaj Xalqaro Kosmik Stansiyaga Robonavt-2 nomli robotni yetkazib qaytdi. Shuningdek, stansiya laboratoriyasida olib borilgan ta’mir ishlari ilmiy tajribalar bilan ko’proq shug’ullanishga imkon yaratadi.
"Fazodagi siru asrorlar cheksiz. Discovery komandasi orbitada qo’shimcha ikki kun qolib, xalqaro kosmik stansiyada ancha ish qilishga ulgurdi. Koinotni o’zlashtirish yo’lida yangi dasturlarga yo’l ochdi",- deydi fazoshunos olim, muhandis Bill Gertsenmayer.
30 yillik xizmati mobaynida 238 million kilometr yo’l bosgan Discovery endi muzeyga yo’l oladi.