AQShda siyosiy partiyalar prezidentlikka nomzodlar taqdim etiluvchi qurultoylarini ilk bor virtual tarzda o’tkazmoqda. Odatda qurultoyga mezbonlik qiladigan shaharga minglab delegat va mehmonlar tashrif buyuradi, bir necha kunlik tadbir mahalliy iqtisodiyotga katta foyda keltiradi. Ammo bu gal vaziyat boshqa.
O’z avtobuslarida mehmonlarni ekskursiyaga yoki restoranlarga olib borish o’rniga Tereza Nemets haydovchi va gidlarini ish bilan ta’minlashga qiynalmoqda. Avtobuslarda mahsulot tashish orqali biznesini asrab qolish harakatida.
“Amerikaliklar ekskursiyaga chiqishni, sayohat qilishni xohlamayapti. Mahsulot tashish orqali kun ko’ryapmiz”, - deydi u.
Joriy yil uning turfirmasi uchun serdaromad bo’lishi kutilgan edi, lekin biznes modelini o’zgartirishga majbur bo’ldi.
Buni ham ko'ring AQShda Demokratik partiyaning qurultoyi virtual shaklda o'tkaziladi“2020 eng yaxshi moliyaviy yilimiz bo’ladi deb o’ylagandik”, - deydi Nemets.
Odatiy yilda qurultoyga minglab mehmonlar va delegatlar tashrif buyurib, mahalliy bizneslar yaxshigina daromad qilgan bo’lardi.
“Kalendarni 60-70 ta tur bilan to’ldirganmiz. Ekskursiyalar hamda avtobuslarimiz ijaraga olinishini kutgan edik”, - deydi Nemets.
AQShda koronavirus keng tarqalishi bilan tashkilotchilar avvaliga qurultoyni kechiktirdi. So’ng virtual programma ishlab chiqila boshlandi. Avgust boshida esa prezidentlikka nomzod Jo Bayden Miluokiga bormaslik qarorini e’lon qildi.
Bu degani, pivo va pishloq ishlab chiqarish bilan tanilgan shaharga mehmonlar bormaydi, bizneslar daromaddan quruq qoladi.
“Shahrimizni reklama qila olmaslikdan hafsalamiz pir. Hayot qayta izga tushishi uchun odamlarga yordam berish, krizisdan o’tib olish prioritet bo’lishi kerak”, - deydi Milvoki shahar meri Tom Barret.
Tereza Nemets uchun 2020-yil og’ir kechmoqda. Boshqa bizneslar ham shu ahvolda. Jumladan, mehmonxonalar, restoranlar va taksi xizmatlari.
Buni ham ko'ring Partiyaviy qurultoylar nimasi bilan muhim?“Shahrimiz 50 ming odam kelishi kutilgan siyosiy anjumandan 200 million dollar va undan ortiq foyda ko’rishini kutgan edik”, - deydi kommunikatsiya bo’yicha mutaxassis Kleyer Konig.
U Miluoki turizm byurosida ishlaydi. Qurultoyga mezbonlik qilish uchun tashkiliy ishlarni amalga oshirgan tashkilotlardan biri bu. Boshqa shaharlar singari Milvoki iqtisodiyoti ham pandemiya tufayli jiddiy ziyon ko’rgan.
“Qurultoy virtual shaklda o’tishi shundoq ham qiyin vaziyatni yanada og’irlashtirdi. Lekin odamlar hayoti va sog’ligi har narsadan ustun ekanini hamma tushunadi”, - deydi Konig.
Uning aytishicha, turizm byurosi vaziyatga moslashishga harakat qilmoqda. Shaharni ko’z-ko’z qilish uchun video roliklar tayyorlanyapti. Qurultoy paytida televideniye orqali reklamalar berish uchun pul ajratish masalasi ham ko’rib chiqilmoqda.
“Kelasi safar qurultoy bizda o’tadi deb umid qilayapmiz”, - deydi Konig.
Tereza Nemets fikricha esa bunday siyosiy anjumanlarga mezbonlikni qo’lga kiritish oson ish emas. “Kelajakda nima bo’lishini bilmaymiz”, - deydi u.
Tadbirkorning butun e’tibori hozir pandemiyaning eng og’ir bosqichidan o’tib olishda. Yana mezbonlik qilsak, biznesim bunday imkoniyatga tayyor bo’lishini istayman, deydi u.