Dopingga qarshi jahon agentligi sport o’yinlarining haqqoniy o’tkazilishini yanada kuchaytirish maqsadida yangi kodeks qabul qildi. Undagi taqiqlar ko’zlangan maqsadga erishish uchun yetarlimi yoki haddan ziyod qattiqmi?
Dopingga qarshi agentlik rasmiylariga ko’ra, yangi qoidalar quvvatni oshiradigan dorilar iste’mol qilish bo’yicha sportchilarga har qachongidan ham qattiqroq cheklovlar qo’yadi. Joriy o’zgarishlar agentlik kengashi yig’inida bir ovozdan ma’qullangan.
Yangi tartibga ko’ra, ataylab doping qabul qilganlarni sportdan chetlashtirish muddati ikki yildan to’rt yilga uzaytirilgan. Shuningdek, sportchiga yordam bergan murabbiylar va ularning yordamchilarini jazolash ham ko’zda tutilgan. Tekshiruv o’tkazilishiga qarshilik ko’rsatgan sportchilarga alohida jazo choralari bor. Hamkorlik qilganlarga esa jazo tartibi yengillashtiriladi.Your browser doesn’t support HTML5
Agentlikning yaqinda iste’foga chiqadigan rahbari Jon Fahining aytishicha, yangi qoidalar nafaqat qattiq, balki adolatli hamdir.
“Ataylab qoidani buzganlarga nisbatan jazoni kuchaytirdik. Sportchilarni jazolashga kelganda, tartibni osonlashtirdik. Bu qarorga kelishdan oldin har tomonlama o’yladik. Qilishimiz lozim bo’lgan ishlarni hozir qilsak, uning kelajakda aql bilan qaror qabul qilinishga ta’siri katta bo’ladi”, - deydi agentlik rahbari.
Yana uning aytishicha, rivojlanayotgan va badavlat mamlakatlar sportchilariga kodeks bir xil munosabatda bo’ladi.
“Qaysi davlatdan, qanday sport turi bilan shug’ullanishidan, erkak yoki ayol bo’lishidan qat’i nazar, qoidalar barcha sportchilar uchun bir xil bo’ladi. Qoidani buzsangiz, bir xil jazo olasiz. Rivojlanayotgan davlat sportchilariga ishonch bilan olg’a borishlarini tavsiya qilaman. Chunki rivojlangan mamlakatlar sportchilarining, agar qoidani buzsa, qo’lga tushishi ehtimoli hozir ancha oshgan. Shuning uchun bu yerda haqsizlik bo’ladi, degan gap yo’q”, - deydi u.
Dopingga qarshi idora rasmiylarining aytishicha, jazo va nazorat choralarini kuchaytirishni so’rab sportchilarning o’zlari murojaat qilgan. Agentlik bosh kotibi Deyvid Houmenga ko’ra, qoidabuzarlarga to’rt yillik taqiq qo’llash masalasi ilk bor bundan 10 yil oldin ko’tarilgan edi.
“Shundan beri olgan tajribamiz va ko’plab “toza” sportchilarning talabi bilan masalani qayta muhokama qilishga qaror qildik. Bu jarayonni 2012-yilda boshlagamiz. Ko’pchilikdan bu haqda qanday fikrda ekanligini so’radik. To’rt yillik taqiqni qabul qilish tarafdorlari juda ko’p bo’ldi”, - deydi Houmen.
Yangi qoidalar 2015-yildan kuchga kiradi. 2016-yil Rio-de-Janeyroda o’tadigan yozgi Olimpiya o’yinlarida u to’la amalda bo’ladi.