Zo'rlangan ayollarni davolagan kongolik shifokor nufuzli mukofot sohibi

  • Amerika Ovozi

Jinsiy tajovuz qurboni bo'lgan ayollarni davolagan, ularga ruhiy dalda bergan kongolik ginekolog doktor Denis Mukvege inson huquqlari bo'yicha nufuzli mukofotga loyiq topildi.

15 yil davomida xotin-qizlarni qo'llab, ularning dardiga malham bo'lgan shifokor Andrey Saxarov nomidagi sovrin sohibi bo'ldi.

59 yoshli Mukvege Kongo demokratik respublikasida maxsus kasalxonaga asos solib, 90-yillar oxirida urush oqibatida avj olgan zo'ravonlik va jinsiy tajovuzlarga yo'liqqan ayollarni himoya qilgan.

Zo'ravonlikka qarshi chiqishlari uchun Mukvege bot-bot o'lim tahdidi bilan yuzlashgan.

Mukofotni topshirish marosimi 26-noyabrda Fransiyada bo'lib o'tadi.

Sovringa, shuningdek, Ukrainadagi namoyishchilar va ozarbayjonlik huquq himoyachisi, qamoqdagi Leyla Yunis da'vogarlik qilgan.

Fikr erkinligi uchun Saxarov mukofoti sovet olimi, isyonkor tadqiqotchi Andrey Saxarov sharafiga ta'sis etilgan.