Qurg’oqchilikka chidamli bug'doy navlari ustida izlanish

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Iqlim o’zgarishiga ikki xil yondashish mumkin: zararli gazlar miqdorini kamaytirib harorat ko’tarilishini sekinlatish yoki yangi sharoitga moslashish. Kelasi 80 yilda har ikki yondashuvni qo’llaymiz, deydi olimlar.

Iqlim o’zgarishi haqida gap ketganda, ko’pchilik toshqinlarni olib keladigan to’fonlar haqida o’ylaydi.

Ammo Texas va Kaliforniyada olimlar olib borayotgan tadqiqot shuning aksi. Suv oz bo’ladigan kelajakka tayyorgarlik desa bo’ladi.

“O’simlik o’stirish uchun yetarli miqdorda suv topish doimo qiyin, ayniqsa, qurg’oqchilik paytida. Shuning uchun moslashuvchan ekinlar yaratmoqchimiz”, - deydi olima Sara Fikins.

Issiq havoda obi-hayotning bug’lanib ketishi tezlashadi. Bu degani, suv hammaga yetmasligi mumkin. Tadqiqotchilar oz suvga ham bardosh beradigan ekinlarni sinovdan o’tkazmoqda.

“Turli xil bug’doy navlarini ko’rib chiqayapmiz. O’tgan 10 yil ichida aynan Texasdagi quruq hududlarda yaxshi o’sadigan bug’doy turlari tanlab olingan. Qurg’oqchilik sharoitida, turli tuproqlar va joylarda ular qanday o’sadi? Shuni bilmoqchimiz”, - deydi Fikins.

Olimlar shuni aniqlashdiki, harorat ko’tarilganda yoki suvdan mahrum etilganda, o’simlik barglarini qoplaydigan tabiiy mumni ko’proq ishlab chiqarar ekan. Mum qanchalik ko’p bo’lsa, ko’proq suv o’simlikda qoladi.

“Yuqori va quruq joylarda 10 turdagi o’simlikni o’stirganimizda, barchasi qalinroq mum hosil qilganiga guvoh bo’ldik. Xuddi quruq kunda labingizga moy surib qo’ygandek. O’simliklar issiqda o’z bargini mum bilan himoya qiladi”.

Tadqiqotchilar suvni 25 foizga kamaytirib ham mo’l hosil olishga erishdi. Ularni ajablantirgan yana bir narsa: o’simlik bargini qoplagan mumda uglerod ham bor ekan.

Dunyo aholisi o’sib borar ekan, qurg’oqchilikka chidamli va sermahsul bug’doy navlarini ko’paytirish muhim, deydi olimlar.