Keniyada Afrikaning 300 dan ortiq musulmon imomlari yig'ilib, mintaqada ekstremizmga qarshi kurash masalasini muhokama qildi. Sohil bo'yidagi Kvale shahrida o'tgan ikki kunlik konferensiyada ulamolar terrorga qarshi hukumat olib borayotgan kurash choralarini qo'llab-quvvatlashlarini bildirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Keniya, Tanzaniya, Somali, Efiopiya, Uganda va Kongo davlatlarida tasavvuf namoyandasi bo'lgan musulmon olimlari yig'ilib, ekstremizmga qarshi birdam ekanliklarini namoyish qildi.
Anjuman so'ngida asli somalilik, hozir AQShda yashovchi imom Muhammad Elmining aytishicha, maktablarda zo'ravon g'oyalarga munosib qarshi tura oladigan qarashlarni shakllantirish kerak.
"Odamlarning yo'ldan ozishiga sabab bo'ladigan masalalar bor. Masalan, ishsizlik yoki ijtimoiy adolatsizlik. Yoshlar yaxshi ta'lim olishlari uchun o'quv dasturlaridan ekstremizmga yetaklovchi g'oyalar tozalanishi kerak", - deydi u.
Elmi terrorizmni yo'q qilishda musulmonlarni hukumat bilan hamkorlik qilishga chaqirdi. So'nggi yillarda Somali va qo'shni o'lkalarda minglab aholi zo'ravonlik qurboni bo'lgan.
Ikki kunlik anjuman Keniya xavfsizlik kuchlari jangarilarga tegishli qurol-aslaha topib, bir necha odamni hibsga olishi ortidan bo'lib o'tdi. Hibsga olinganlarning ayrimlari tanzaniyalik ekani aniqlangan.
Tanzaniyalik shayx Umar Muhammadning aytishicha, zo'ravonliklar odamlar orasida bo'linishga sabab bo'lmoqda.
Olimga ko'ra, hukumatlar vijdon erkinligi huquqini ta'minlab qo'ygan ekan, musulmonlar diniy burchlarini tinch yo'l bilan ado eta oladi. Vatanimizda diniy zo'ravonlik va beqarorlik bo'lishiga yo'l qo'ymaymiz, deydi u.
Mo'tadil islomga e'tiqod qiluvchi Somalidagi so'fi jamoalari radikal qarashdagi ekstremist guruhlarga qarshiligi bilan tanilgan.
Ayrim tahlilchilar esa ekstremizmga qarshi kurash jamoaviy ish ekanini aytib, aholi orasida ogohlikni oshirishda diniy ulamolarning o'rni katta ekanini ta'kidlaydi.