G'arbda tahsil olib, vatanda yo’lini topgan va topmagan yoshlar

Rahimjon Abdug’afurov kursdoshlari bilan, Vanderbilt Universiteti, 2004 yil

O’zbekiston yoshlarida chet elda ta’lim olishga intilish kuchli. AQSh ta’lim maskanlari o’zbekistonliklar uchun jozibali bo’lib qolmoqda.

Xorijda o’qish istagidagi talabalar ko’proq biznes boshqaruvi va axborot texnologiyalari mutaxassisligini tanlaydi.

Boshqaruv sohasida xorij tajribasini o’zlashtrib, O’zbekistonga qaytgan yoshlar kam emas. Ayrimlari o’z tajribasini vatanda muvaffaqiyatli qo’llayotgan bo’lsa, boshqalar turli to’siqlardan shikoyat qiladi.

Tahlilchilar fikriga ko’ra, asosiy muammo mamlakat boshqaruv tizimida quloch yozgan korrupsiya va ishsizlik bo’lib qolmoqda.

Ish topilsa ham maosh yetmaydi

O’zbekistonda xorij tajribasini o’zlashtirgan mahalliy kadrlarni tayyorlash bir necha yil avval hukumat oldidagi muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan edi. Biroq xorijdagi sharoit va imkoniyatlar bilan tanishgan, erkin jamiyat havosini olgan, yurtga qaytib vaziyatni solishtirgan yoshlar bir muddat tushkunlikka tushishi tabiiy. Ayrim yoshlar qayta xorijga chiqib ketishga harakat qilsa, boshqalari mutlaqo qaytib kelmaslikka qaror qiladi.

Hukumatning xorij tajribasini o’zlashtirgan mahalliy kadrlar yetishtirish dasturi, bu borada sarflangan mablag’lar shu ma’noda o’zini oqlamadi deyish mumkin. Tahlilchilar buning asosiy sababini xorijdagi nufuzli universitetlar diplomiga ega kadrlarni qo’llab-quvvatlashning samarali dasturi yaratilmaganida ko’rishadi.

“Chet davlatlaridan qaytgan talantli bolalarimiz nega ishsiz? Ish bilan ta’minlangan taqdirda ham oyligi juda kam. Avval chet elda o’qigan bolalar uchun oylik ularni qoniqtiradimi-yoq’mi, ish bor edi. Hozir ko’pchiligi ishsiz. Xalqaro inistitutlarni tamomlagan malakali kadrlar nima uchun [ishsiz], chunki poraxo’rlik rivojlangan, biron lavozimda ishlash uchun kimgadir pora berish kerak, bu eng yomoni”, - deydi tahlilchi Farxod Yoqubov.

Harakatda barakat

Xorijda o’qib, o’z tajribasini mamlakatda muvaffaqiyatli qo’llayotgan yoshlar ham kam emas.

Rahimjon Abdug’afurov oliy ta’lim boshqaruvi bo’yicha mutaxassis. Magistraturani 2004 yilda AQShdagi nufuzli universitetlardan birida bitirgan. O’zbekistonga qaytgach, oliy o'quv yurtlarida dars bergan, yaqinda xususiy tartibdagi ta’lim markazini ochgan.

Abdug’afurov fikricha, xorij tajribasiga ega yoshlar hukumatdan yordam kutmasdan o’zlari harakat qilishlari kerak.

“Amerikada nufuzli universitetda o’qidim. O’zbekistonda ham byudjetda o’qigan bo’lsam, nega men o’zimni o’zim ish bilan ta’minlay olmasligim kerak? Menimcha aksincha bo’lishi kerak. Byudjetda o’qigandan keyin nafaqat o’zini, balki yana 10-20 odamni ish bilan ta’minlashi kerak. Men AQShdan qaytib, o’z ta’lim markazimni ochdim, 4-5 odam ishlaydi. Menimcha hukumat qachon bir narsa beradi, qaytsam ish bo’ladimi deb kutmaslik kerak. O’zi tashkil qilishi, harakat qilishi kerak. Masalan, men kelajakda xususiy maktab ochib, raqobatga kirishmoqchiman”, - deydi Rahimjon Abdug’afurov.

O'qishni istagan yordamsiz qolmaydi

Imkoniyat va to’siqlardan qat’iy nazar, o’zbekistonlik yoshlarda xorijda o’qishga intilish kuchli. Ayniqsa Amerika o’quv yurtlarida o’qishga qiziqish baland. AQSh elchixonasi tomonidan ta’lim almashinuv dasturlari doirasida o’tkazilayotgan tadbirlar har doim yoshlar bilan gavjum.

Talabalar AQSh ta’lim tizimining malakali mutaxassislarni tayyorlash salohiyatini e’tirof etishadi. Yaqinda AQShning Toshkentdagi elchixonasi shu mavzuda navbatdagi seminar o’tkazdi. Seminarda AQShda o’qish istagida bo’lgan o’zbekistonliklar almashinuv dasturlari bilan tanishgan. 2011-2012 o’quv yillari uchun ariza topshirish jarayoni haqida ma’lumot berilgan.

AQSh elchxonasi bunday tadbirlarni muntazam o’tkazib keladi. Elchixona qoshidagi Ta’lim bo’yicha maslahat markazidan AQShda ta’lim olish bo’yicha batafsil ma’lumot olish mumkin.

“Masalan, o’quvchi Amerikada o’qimoqchi, biroq unda kerakli yo’riqlar yo’q. Imtihon qanday topshirilishi kerak, qanday anketalar to’ldirilishi kerak, imtihon ballari qancha bo’lishi kerak - biz shular haqida ma’lumot beramiz. Bundan tashqari, bizni markazimizda imtihonlarga tayyorlanish uchun turli kitoblar, testlar mavjud. Talabalar kelib, o’z bilimlarini sinab ko’rishlari mumkin”, - deydi markaz mutaxassislaridan biri.

AQShda tahsil olish imkoniyati faqat elchixona taqdim etayotgan dasturlar bilan cheklanmaydi. Mustaqil tarzda muloqot o’rnatib, test imtihonlarini topshirayotganlar ham ko’p. Maslahat markaziga ko’ra, bunday yoshlar ham muammoli vaziyatlarda yordamsiz qolishmaydi.

“Bunaqa talabalar ham ko’p, maslahat markazidan foydalanmasdan mustaqil ravishda ketayotgan. Ular AQShga yetib borgandan keyin, universitetlarda xalqaro talabalarga yordam beruvchi boshqarmalar bo’ladi. Agar shu konsultantlarga murojaat qilishsa, o’qishga kirishgan bo’lsa hech qachon yordamsiz qolishmaydi”, - deydi maslahat markazi xodimi.

Dunyo ko'rishni hamma istaydi

Xorijda ilm olayotgan yoshlarning aksariyati grant, ayrimlar esa o’z mablag’lari hisobiga mutaxassislikni o’rganishmoqda. Tahlilchilarga ko’ra mamlakatda bunday yoshlarni qo’llab-quvvatlovchi aniq choralar belgilanmas ekan, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb etish, malakasidan foydalanish muammoligicha qolaveradi.

“Aqlli kadrlarni mamlakatda olib qolish uchun rag’batlantirish yo’llarini ko’rish kerak. Shu aql-salohiyatga yarasha mamlakatda o’zini namoyon qila oladigan sharoit bo’lishi kerak”, - deydi nodavlat tashkilotda ishlayotgan yoshlardan biri.

Ayrim mulohazalarga ko’ra mutaxassis yoshlar orasida so’nggi yillarda kuzatilgan xorijda qolish ishtiyoqi bugunga kelib bir qadar yo’qolib bormoqda.

“Bu oqim o’tib ketdi, hozir aksariyat yoshlar xorijda ta’lim olgach vatanga qaytishni afzal bilishadi. Nazarimda shunday”, - deydi Amerikada o’qib qaytgan yoshlardan biri.

Boshqa bir talabaning aytishicha, dunyo ko’rish orzusi tabiiy jarayon, bundan muammo yaratmaslik kerak.

“Yoshlar AQShga, Yevropaga ketishga harakat qilishyapti, bu bor gap. Men ham dunyo ko’rishni xohlayman, lekin ko’nglimda baribir shu yurtga qaytib kelish niyati bo’ladi. Bu vatanni tark etib chiqib ketdi degani emas. Dunyo ko’rish, Amerikada 10-20 yil qolish mumkindir, lekin baribir qaytadi”, - deydi u.

Mutaxassislar O'zbekistonning o'ziga havodek zarur

“Men ko’plar bilan suhbatlashaman. O’zbekistondan ketayapman, Amerikada o’qiyman deyishadi. Oxiri nima bo’ladi deb so’rayman. Aksariyat holda qaytib kelaman, kelib o’z biznesimni boshlayman, degan so’zlarni eshitaman. O’zbeklarni O’zbekistonga qaytib kelmasligi masalasi…nima uchun ular qaytmasligi kerak?”, - deydi Rahimjon Abdug’afurov.

O’zbekiston arzon ish kuchi yetkazib beruvchi mamlakat sifatida tanilgan. Respublikada ishsizlik darajasi yuqori. Aksariyat o’zbekistonliklar dunyoga chiqishni ish topishning asosiy vositasi deb biladi.

“Nima uchun mutaxassislar tayyorlayapmiz? Malakali minglab mutaxassislar chet elga chiqib ketayapti, bu juda yomon ko’rsatkich. Yoshlarimiz o’zimizda ish topmasdan boshqa bir davlatda ishlashga majbur. Asosiy sabab, albatta, davlat iqtisodining nochorligida”, - deydi Farxod Yoqubov.