Shu kunlarda 150 dan ziyod xorijlik o’tkir jurnalist Qo’shma Shtatlarga safar qilmoqda.
Uch hafta davomida Amerika ommaviy axborot vositalari va jurnalistika bo’yicha yetakchi universitetlarda bo’lib, kasbdoshlar bilan tajriba almashmoqda.
Ular orasida Markaziy Osiyodan ham bir necha jurnalist bor. AQSh Davlat departamenti yurituvchi bu dastur besh yillik dovondan oshgan.
Edvard Murrov (Edward R. Murrow Program for Journalists) nomidagi loyihaga dunyoning turli burchaklaridan iste’dodli jurnalistlar jalb qilinadi.
Ular shtatma-shtat sayohat qilib, AQSh matbuoti, televideniye va radiosi bilan tanishmoqda. Uch haftada bir olam ishga ulgurish mumkin, deydi qirg’izistonlik jurnalist, “Ozodlik” radiosining Qirg’iz xizmati muxbiri Aida Qosimaliyeva.
“Hammamiz band jurnalistlarmiz. Ishdan uzoq vaqtga chalg’ish qiyin, bilasiz. Bu payt ichida Kongressga saylovlarni ko’rib ulgurdik, siyosiy bahslarni tomosha qildik”, - deydi u.
Programma Edvard Murrov sharafiga atalgani bejiz emas. Bu shaxs Amerika televideniye va radiosini junbushga keltirgan talantli, jasoratli jurnalist.
Bu kasbni kasb qilgan, elektron ommaviy axborot vositalari ishini, axborot to’plashni yuksak mahoratga aylantirgan usta, deyishadi uni. Ikkinchi jahon urushi yillarida vazmin va kuchli ovozi bilan reportajlar uzatib tinglovchi hurmatini qozongan.
1961-64 yillarda “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” radiosini o’z ichiga olgan idora, AQSh Axborot agentligi rahbari bo’lgan. 1950-yillarda televideniye va radioda ko’ngilochar dasturlar ustun kelib, xabar va tahlilni bosar ekan, Murrov qilgan mashhur tanqidiy nutq bugun hammaning yodida.
Jurnalist ommaviy axborot vositalarini “semiz, kekkaygan” mahluqqa qiyoslaydi. Maymun o’ynatishdan boshqaga yaramay qolgan bir vosita, degan edi u.
Murrov nomidagi dastur doirasida bu yil Qo’shma Shtatlarga Turkmaniston va O’zbekistondan ham jurnalistlar kelgan.
Alma Kandelaria (Alma Candelaria) bu almashinuv loyihasini boshqaradi. Jurnalist jurnalistni tanisa, bir-biridan ish o’rgansa, malakasi oshsa, maqsadimiz shu, deydi u. Amerikalik muxbir uchun ham bu noyob tajriba, xorijlik jurnalist uchun ham.
Aida Qosimaliyeva bu fikrga qo’shiladi.
“Avvaliga kimga kerak uch haftalik bu dastur, shuncha xarajat, deb men hatto kuldim ichimda. Keyin bilsam, foydasi ko’p ekan. Juda iste’dodli jurnalistlar bilan tanishdim. Har xil davlatlarning siyosiy tizimlari haqida eshitdim, bildim. Qirg’izistondagi saylovlarni misol qilar ekanman, qanday xatolarga yo’l qo’yganimiz hozir menga oydinroq ko’rinadi”, - deydi u.
Jurnalistika dunyodagi eng xatarli kasblardan biri. Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ta’rificha, Markaziy Osiyo bu masalada eng qaltis hududlardan. Davlat departamenti rasmiysi Alma Kandelaria buni yaxshi bilamiz, deydi.
Shunday davlatlar borki, unda yashovchi jurnalist uchun AQSh taklifini qabul qilish, qaysidir ma’noda jasorat. Ularning qarorini hurmat qilamiz, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi anjumanda bevosita ishtirok etadi.
"Har bir qatnashchi bilan keyinchalik ham doimiy aloqadamiz. Shu paytgacha 600 ga yaqin jurnalist kelgan bo’lsa, baridan xabardormiz", - deydi Alma Kandelaria.
“Jurnalistlarni himoya qilish borasida AQShdan yordam kutib o’tirish to’g’rimikan? Menimcha, Qirg’izistonda qonunlar ishlay boshlashi muhim. Buning uchun yillar kerak bo’ladi. Konstitutsiyani kamida to’qqiz marta qayta ishlashdi. Holbuki, davlat hali ham qonun bilan ish ko’rmayapti. Biroq parlament saylovlaridan keyin qandaydir o’zgarish borday, nazarimda. Muhimi barchamiz mana shu hujjatlarga teng amal qilishimiz kerak. Shunda xavfsizlik haqida ham gapirish mumkin bo’ladi”, - deydi jurnalist Aida Qosimaliyeva.