Misrdagi tartibsizliklarda kamida 74 odam o'lgan. Motam e'lon qilingan

  • Amerika Ovozi

Zo'ravonlikka qarshi namoyish, Misr, 2-fevral, 2012-yil

Misrda yana namoyishlar. Omma politsiyani kechagi futbol o'yinidan so'ng avj olgan zo'ravonliklarni to'xtatmaganlikda ayblamoqda.

Shimoldagi Port-Said shahrida ro'y bergan fojiada kamida 74 odam o'lgan, yuzlab ishqiboz jarohat olgan. Muxolifatning aytishicha, to'polon paytida politsiya stadionda qo'l qovushtirib o'tirgan.

Xabarlarga ko'ra, ayrim tomoshabinlar o'yingohga qurol olib kirgan va politsiya buning oldini olmagan. Al-Masri klubining navbatdagi matchidan so'ng mahalliy ishqibozlar al-Ahli mehmon klubining o'yinchilari va muxlislariga hujum qilgan. Ba'zilari pichoqlangan, boshqalari bo'g'ib o'ldirilgan, yana ayrimlarini esa stadionning yuqori qavatlaridan uloqtirishgan.

"Musulmon Birodarlar" harakati sobiq prezident Husni Muborak tarafdorlarini zo'ravonlikda ayblamoqda.

Mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilingan.