Misrdagi ixtiloflarning mintaqaga ta'siri qanday?

  • Amerika Ovozi
Misrda demokratik yo’l bilan saylangan prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan ag’darilishi Yaqin Sharqda turli aks-sado berdi. Tahlilchilar fikricha, g’alayon butun mintaqaga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Misrning Yaqin Sharqda tutgan o'rni, Behzod Muhammadiy


Misrda Mursiy hokimiyatdan ag’darilgan kunlar Suriyadagi mojaro bir muddat matbout nazaridan chetda qoldi. Ammo Suriya prezidenti Bashar al-Assad Misrdagi voqealardan foydalanmoqda, deydi Londonda joylashgan tahlilchi Maykl Klark.

“Prezident Assad hammaga qarab, “ko’ryapsizlarmi, bu mening haqligimni isbotlayapti. Men dunyoviy rahbarman. Agar Hims va Halabdagi dindorlar tepaga kelsa, bu yerda ham xuddi shunday bo’ladi”, demoqda”, - deydi tahlilchi.

Chatam tadqiqot markazi olimi Nadim Shihadiga ko’ra, hozirli voqelikni Assadning o’ziga qarshi ham ishlatish mumkin.

“Masala ikki qirrali qilichga o’xshaydi. Agar islomchilar yengilayotgan bo’lsa, Assadning ekstremistlarga qarshi tura oladigan yagona kuch ekani haqidagi da’volari ham zaiflashadi”, - deydi u.

Liviyada 2011-yilgi qo’zg’olon Muammar Qaddofiyni hokimiyatdan ag’dardi. Hozir parlamentda “Musulmon Birodarlar” harakatining “Adolat va qayta qurish” partiyasi eng kuchli guruh. Ammo Liviya Bosh vaziri Ali Zeydan Misrdagi voqealardan xulosa chiqarishga hali erta ekanini aytadi.

Siyosiy qarorlarni Misr xalqi qabul qiladi; ular nimani ma’qul ko’rsa, shuni qo’llab-quvvatlaymiz, deydi u.

Liviyada hali barqarorlik to’la o’rnatilmagan. Hukumat mamlakatni qurollangan guruhlardan hanuz tozalay olgani yo’q, deydi Maykl Klark.

“Bu aylanib turadigan g’ildirakka o’xshaydi. G’ildirak Misrni ikkinchi revolyutsiyaga boshladi. Liviya ham ikkinchi inqilobni boshdan kechirishi mumkin. Bu Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlarida ham ro’y berishda davom etadi”, - deydi Klark.

Tunisning amaldagi “Innahda” partiyasi “Musulmon Birodarlar” bilan ittifoqdosh. Partiya rasmiylarining aytishicha, konstitutsiyani ishlab chiqish uchun mamlakatda partiyalararo qo’mitalarning birga ishlagani ijobiy hol bo’ldi.

Misr harbiylarini keskin tanqid qilgan mintaqa davlatlaridan biri bu Turkiya. Tahlilchilar nazarida Turkiyaning hukmron “AK” partiyasi Mursiyning ag’darilishi oqibatida o’zining yaqin islomiy ittifoqchisidan ayrildi. Tashqi ishlar vaziri Ahmed Dovuto’g’li Misr harbiylarining xatti-harakatini noqonuniy deb hisoblaydi.

Uning aytishicha, demokratik saylovlarda g’olib chiqqan prezident Mursiy harbiylar uyushtirgan davlat to’ntarishi qurboni bo’ldi.

Bundan farqli o’laroq, Saudiya Arabistoni va Iordaniya kabi arab davlatlari Misr harbiylari tutgan yo’lni qo’llab-quvvatladi.

“Mursiyning ag’darilishi ularni xursand qildi. Bu lekin Qatar uchun katta yo’qotish bo’ldi. Chunki u Mursiyni qo’llab-quvvatlab, katta miqdorda moliyaviy yordam ham bergan edi”, - deydi londonlik tadqiqotchi Maykl Klark.

Isroil mintaqadagi bu o’zgarishlarni ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda. Harbiylarning nazoratni qayta qo’lga olgani uni xavotirga soladi, deydi Nadim Shihadi.

“Hukumatga yana harbiylar kelyapti. Ular har doim arab-Isroil ixtilofini ro’kach qilib, o’z mavqelarini mustahkamlab kelgan. Shuning uchun Isroil xavotirlanishga haqli”, - deydi Shihadi.

Tahlilchilar fikricha, Isroilning mojaroga qo’shilishi, alanga ustiga moy sepgandek, mintaqani yanada beqarorlashtirishi turgan gap.