Muhammad Mursiy - Misrning yangi prezidenti

  • Amerika Ovozi

Muhammad Mursiy - Misrning yangi prezidenti

Bugun Misrda yangi prezident aniqlandi. Markaziy saylov komissiyasi o’tgan hafta o’tkazilgan saylov natijalarini e’lon qilib, Musulmon Birodarlar harakatidan nomzod Muhammad Mursiyni 52 foiz ovoz bilan g’olib deb topdi.

Saylov natijalari payshanba kuni e’lon qilinishi kerak edi, biroq komissiya Mursiy va uning raqibi, sobiq bosh vazir Ahmad Shafiq ustidan tushgan shikoyatlarni tekshirish maqsadida yakuniy qarorni bugunga qoldirgan edi. Mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Har ikki nomzod tarafdorlari mag’lubiyat alamini namoyishlar orqali olishini aytgan edi.

Mutaxassislar fikricha, mamlakatni vaqtincha boshqarayotgan harbiy kengash hokimiyatni saylangan rahbarga topshirishga va’da bergan, biroq undan oldin prezident vakolatlarini cheklagan.

Kengash so’nggi paytda sud orqali islomiy kuchlar hukmron parlamentni tarqatdi, muvaqqat konstitutsiya qabul qilib, harbiylar vakolatini kuchaytirdi, ichki va tashqi siyosatni hal etishda hamda yangi konstitutsiyani yaratishda sudlarga ham mas’uliyat yukladi.

Qohiraning Tahrir maydoniga to’plangan Mursiy tarafdorlari g’alabasi e’lon qilingan zahot xursandchilik qilishga kirishgan. Shafiq 48% ovoz olgan.

60 yoshli Mursiyning asl kasbi muhandis, Qohira universiteti va AQShda ta'lim olgan. Besh farzandning otasi. Ba'zilari Amerikada tug'ilib, bu davlat fuqaroligini olgan.

Uning aytishicha, Musulmon Birodarlar vakili prezident bo'lgani bilan Misr diniy qonunlarga asoslangan davlatga aylanmaydi.