Breaking News

Misr parlamenti tarqatib yuborilgach, xalq bosh ko’tardi


Husni Muborak davrida tayinlangan sudyalar Misr parlamentini tarqatib yuborish haqida qaror chiqargach, bugun mamlakatda namoyishlar avj oldi. Sobiq bosh vazir Ahmad Shafiq esa prezident saylovlarida qatnashishga ruxsat oldi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning bildirishicha, Vashington Misrdagi vaziyatni yaqindan kuzatib turibdi.

“Boshqaruv xalq saylagan noharbiy hukumatga o’tishi shart. Mamlakat demokratik kelajak tomon olg’a qadam tashlashi kerak”, - deydi u.

Konstitutsiyaviy sudning parlamentni tarqatish qarorini Musulmon Birodarlar keskin tanqid qilmoqda. Qonunchilik organida ko’p o’rinlarni qo’lga kiritgan bu harakat nazarida Husni Muborakka sodiq odamlar hukumatga qaytmoqchi.

Parlament tarqatilishi bilan, qonunchilik vakolatlari harbiylar qo’liga o’tadi. Davlat matbuotining xabar berishicha, prezidentlik uchun ikki asosiy nomzod – Musulmon Birodarlardan Muhammad Mursi va sobiq bosh vazir Ahmad Shafiq o’rtasida bellashuv, rejadagidek, ertaga bo’lib o’tadi.

Misrliklar sud hukmidan g’azabda. Axir, sobiq rasmiylarni saylovlarga yo’latmaymiz degan qonun bor-ku, qani adolat, deya so’raydi ular.

Muborak qo’lida ishlagan Ahmad Shafiq tarafdorlari oldida so’zlar ekan, fuqarolarni saylovda faol bo’lishga undadi. Misr yana buyuklikka qaytadi, deya va’da berdi.

“Siyosiy o’yinlar davri o’tdi-ketdi. Qonunlarni bir guruh manfaatiga moslash yo’q endi. Mamlakatni birgalikda, o’zimiz quramiz”, - deydi nomzod.

Xalq, deydi Ahmad Shafiq, namoyishlar orqali o’z xohishini bildirishga haqli.

Misr konstitutsiyaviy sudiga ko’ra, deputatlarning uchdan biri noqonuniy ravishda saylangan va shu bois parlament qaytadan saylanishi shart.

Musulmon Birodarlar esa bu qarorni “to’ntarish” deb hisoblaydi. Misr inqilob arafasida bo’lganidek, yana murakkab va xavfli kunlarga qadam qo’ymoqda, deyiladi bayonotda.

XS
SM
MD
LG