Mursiy: Misr kuch-qudrati uning xalqidir!

  • Amerika Ovozi

Mursiy xalqni junbushga keltirdi

Misr yangi rahbari Muhammad Mursiy bugun poytaxtda xalqqa murojaat qilib, bir necha kundan beri Tahrir maydonini tark etmay kelayotgan fuqarolarni olqishladi.

“Misrda haqiqiy konstitutsion, zamonaviy va fuqarolik jamiyati barpo eta olamiz”, - dedi u.

“Kuch-qudrat va qonuniylik manbai xalqdir. Inqilobni yoqlayman. Davlatni, xalqni birlashtiraman”, - dedi u.

Mursiy Misr ahli uni tanlaganidan boshi osmonda, bu haqiqiy sharaf, deydi. Yangi rahbar ta'rificha, qo'zg'olonda jon bergan insonlar qoni "ozodlik daraxtini sug'ordi".

Mursiy ertaga, shanba kuni Konstitutsion Sud oldida qasamyod keltiradi.

U avvalroq inauguratsiya marosimi parlamentda o’tadi, degan edi. Marosim sud binosiga ko’chgani, ayrimlar nazarida Mursiy hukmron harbiy kengash talablariga bo’ysunganini namoyish etmoqda.

Islomiy guruh, Musulmon Birodarlar sobiq a’zosi Mursiy o’tgan yili Husni Muborakni taxtdan ag’dargan qo’zg’olon ketidan saylangan ilk prezident.

Hukmron harbiy kengash prezident saylovlaridan sal oldin davlat rahbari vakolatlarini qisqartirib, Musulmon Birodarlar ustun parlamentni tarqatib yuborgan edi.

Bu, deydi tahlilchilar, Mursiy va generallar o’rtasida tortishuvlar hali oldinda ekanidan dalolat beradi.

Prezident etib saylangach, Muhammad Mursiy Musulmon Birodarlar safini tark etdi va yangi hukumatga barcha kuchlarni jalb qilishga va’da berdi.