Misrda salafiylar partiya tuzib, parlament saylovlarida qatnashmoqchi

  • Elizabet Arrot

Misrda salafiylar partiya tuzib, parlament saylovlarida qatnashmoqchi

Misr yil boshidagi inqilob ketidan saylovlar taraddudida. Siyosiy sahnaga yangi arboblar, tashkilot va partiyalar qadam qo’ygan. Salafiylar ana shular jumlasidan. Ba’zilar nazarida ularning radikal qarashlari demokratiya, sabr-toqat va plyuralizmga zidday.

Shayx Shaban Darvish masjidi nasroniylar uchun muqaddas cherkov bilan yonma-yon qad ko’targan.

Bu inshootlar joylashgan Tavoun shahrida musulmonlar, xususan, konservativ-mutaassib qarashdagi musulmonlar ko’pchilik. Soqol qo’ygan kishilarning boshida qalpoq, u yer bu yerda zamonaviy kiyingan ayollar, hijob o’ragan ayollar ko’rinadi.

Salafiy shayx Shaban Darvish cherkov va masjid qo’shnilar ekaniga ishora qilib, yurtimiz sabr-toqatli, bag’ri keng, deydi. U demokratik o’zgarishlarni olqishlaydi. Lekin G’arbni changaliga olgan kayfiyat, musulmonlarga qarshi qarashlar bizga kerakmas, deydi shayx.

Darvishning aytishicha, demokratiya va islomda o’xshash xislatlar bor. Lekin, deydi u, islom asl-o’zgarmas qadriyat, demokratiya esa muqobil bir tushuncha. Islom demokratiyaga yo’l ochib beradi, deydi shayx.

Oqim siyosiy sahnaga kirib borar ekan, xristian, yahudiy va boshqa din vakillarini birdamlikka chorlab chiqayotganlar bundan qo’rquvda.

Qohira tevaragida yaqinda salafiylar va ichkilik do’koni egasi – nasroniy savdogar olishib, bir dam o’ldi. Boshqa yerda salafiylar yana bir xristianni do’pposlab qulog’ini kesgan, fohishalar bilan ish ko’rgansan, deb.

Darvishning aytishicha, bu voqealar onda-sonda ro’y beradi. Buni odat, keng tarqalgan holat deya vahima qilgan – matbuot, deydi u.

Shayx Shaban Darvish

Shayxning aytishicha, salafiylikda quloqni kesib jazolash aytilmagan.

Ahvol shu zaylda davom etaversa, Misr madaniyati, merosi xavf ostida qolsa ajabmas, deydi ayrimlar.

Darvish haykallar, rasmlar va piramidalar boshqa gap, deydi.

Biz, deydi shayx, haykallarni buzmaymiz, Tolibonga o’xshab. Aksincha, da’vat va va’zlar orqali odamlar o’zi uchun xayolida yaratgan butlarni yo’q qilamiz.

Sobiq rahbar Husni Muborak ekstremizmga qarshi kurash yo’lida din ahlini temir panjada ushlab kelgan edi. O’tgan oygi referendumda “islom – barcha muammoga javobdir” degan shiorlar yangragach, xavotirlar yana kuchaydi.

Kelgusi parlament saylovlarida esa mamlakat din yo dunyoviylik o’rtasida tanlashi kerak bo’ladi, deydi faollar.

Salafiylar qancha ovoz oladi, hozircha noma’lum. Boshqa bir oqim – uzoq yillar siquvga olingan Musulmon Birodarlar qaddi hozir tetik, siyosiy va ijtimoiy sohada ancha kuchga to’lgan. Ikki guruh birlashsa, ajabmas.

Biroq jurnalist va tahlilchi Muhammad Saloh bu fikrga qo’shilmaydi.

Birodarlar uzoq davr mobaynida ekstremizmdan yiroq ekanini aytib keladi. Yangilik, islohotga moyil ekanini ta’kidlaydi. Shuncha mehnatdan keyin boshqa radikal oqimga qo’shilishi amri mahol, deydi ekspert.

Saloh salafiylar ko’pchilik ekaniga ishonmaydi. Lekin qashshoqlik, savodsizlik oshib, diniy matbuot kuchaygani sari har xil oqimlar safi ham kengayadi, deydi u.

Shunday bo’lsa-da, aholi orasida xabardorlik, mamlakatda nima ro’y berayotgani haqida tushuncha paydo bo’lgan.

Aynan mana shu xabarlar qo’zg’olon, xalq inqilobini boshlab bergani va repressiya-bosimga yakun yasagani ham haqiqat.