AQSh qonunchilari Misrga yordamni to'xtatishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama o'tgan hafta Misrdagi qonli g'alayonni qoralab, ikki davlat harbiy mashqlarini bekor qildi. Qonunchilar nazarida bu yetarli chora emas.

AQShda qator qonunchila Misrga yordamini to’xtatishga chaqirmoqda. O’tgan oy Senatda shunga qaratilgan bir harakat senatorlar Jon Makkeyn va Kelli Ayot aralashuvi tufayli muvaffaqiyatsiz kechdi. Biroq kecha har ikki qonunchi fikri o’zgarganini aytgan.

Kelli Ayot nazarida Misrni boshqarayotgan harbiylar namoyishlarni kuch bilan bostirib, xato yo’ldan bordi.

"Bunday vaziyatda yordam berishni davom ettirish mumkin emas. Harbiylar nima ish tutsa ham, Amerika ularni qo’llab-quvvatlaydi, degan yanglish fikrga borgan ko’rinadi", - dedi qonunchi.

Demokrat senator Jek Ridning aytishicha, so’nggi voqealar AQShdan Misrga nisbatan siyosatini o’zgartirishni talab qiladi, ammo Qohira bilan muloqotni uzmaslik kerak.

Respublikachi senator Bob Korker ham shunday fikrda.

"Yordamni to’xtatish lozim, ammo Misr va Yaqin Sharqdagi manfaatlarni boy bermaslik zarur", - deydi u.

Yevropa Ittifoqi diplomatlari Jenevada Misrdagi siyosiy inqiroz xususida fikr almashmoqda. O’tgan hafta politsiya Qohirada hokimiyatdan chetlatilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlarini tarqatgach, poytaxt va boshqa shaharlarda zo’ravonliklar yuz bergan.

Vaziyatdan tashvishga tushgan Yevropa Ittifoqi Misrga berilayotgan 6,7 milliard dollar yordamini qayta ko’rib chiqmoqda. Tashkilot rasmiylari Misr hukumatini osoyishtalikka da’vat etmoqda.

Mamlakat harbiy rahbari general Abdul Fatoh al-Sissiy aholini hissiyotga berilmaslikka, o’zini zo’ravonliklardan tiyishga, hukumat idoralariga hujum qilmaslikka chaqirib, aks holda kuch ishlatilishi haqida ogohlantirgan.

Muvaqqat hukumat “Musulmon birodarlar” harakatini to’s-to’polonda ayblab, faoliyatini man qilish masalasini muhokama qilgan.

Sissiy “birodarlar”ni siyosiy muloqotga da’vat etgan.

Misr tahlika ichida