Breaking News

Misrda hech bir tomonning yon bergisi yo’q


Prezident Muhammad Mursiyning hokimiyatdan ag’darilishi Misrni yana jar yoqasiga olib keldi. O’tgan kunlar ichida Mursiy tarafdorlari qurolli kuchlar bilan to’qnashib, 700 ga yaqin odam halok bo’ldi.

Zo’ravonlik avj olganida tomonlar bir-birini ayblaydi. AQSh va boshqa davlatlar Misr harbiylarini qattiqqo’llikda tanqid qilsa-da, Vashington Qohira bilan harbiy hamkorlikni uzganicha yo’q.

Misrni qamrab olgan zo’ravonliklar to’lqini hech kimni ayamayapti. O’lganlar orasida ham namoyishchilar, ham politsiyachilar bor. Mursiy tarafdorlarining da’vo qilishicha, qurbonlar soni aslida bundan-da ko’p – bir necha mingni tashkil etadi.

Poytaxt Qohiraning Nasr mavzesidagi masjidlar murdalarga to’lgan. Odamlar yaqinlarini qidirib shu yerga keladi. Mana bu ayol xavfsizlik kuchlari qurolsiz fuqarolarni o’qqa tutganini aytadi.

“Bizning safda ketayotganlarning qo’lida tosh va tayoq bor edi xolos. Xudo haqi, hech qanday qurol ishlatganimiz yo’q”, - deydi u.

Raqib tomonning da’vo qilishicha esa, islomiy guruhlarning o’zi birinchi bo’lib huquq-tartibot xodimlariga hujum qilgan. Namoyishlar paytida Misr bo’ylab o’nlab cherkovlar yonib ketdi. Nil daryosi yaqinidagi Giza shahrida g’azabga to’lgan olomon mahalliy hokimiyatga tegishli ikki binoga o’t qo’ydi. Ular Mursiyni yoqlagan odamlar edi, deydi hokimiyat xizmatchisi Fahmi Hasan.

“Taxminan ming kishi bostirib kelib, tashqaridagi qo’rani buzib, biz tomon tosh ota boshlashdi. Binoning orqasidan chiqib, omon qoldik. Ular mashinalarga va hokim idorasiga o’t qo’yishdi”, - deydi u.

“Musulmon Birodarlar” harakati prezident Mursiy lavozimiga qaytmaguncha aksiyani davom ettiramiz, demoqda. Mamlakatda favquloqqa holat e’lon qilingan. Komendant soatiga amal qilmaganlar jazolanadi, deya ogohlantiradi davlat matbuoti.

BMT Xavfsizlik Kengashi Misrdagi vaziyatni muhokama qilish uchun maxsus majlis o’tkazdi. Ammo Yaqin Sharq tinchlik jamg’armasi rahbari Jeffrey Aronsonning kuzatishicha, to’polon hali beri tinadigan emas.

“Bu hali boshlanishi deb qo’rqaman. Beqarorlikka chek qo’ya oladigan biror shaxs yoki guruh maydonda ko’rinmaydi”, - deydi ekspert.

AQSh rahbari Barak Obama Misrda aholiga qarshi zulmni qoralab, kelasi oyga belgilangan qo’shma harbiy mashqlarni bekor qildi. Mudofaa vaziri Chak Xeyglning ta’kidlashicha, Qo’shma Shtatlar Misr bilan harbiy hamkorlikni davom ettiradi, biroq bu hamkorlikning ayrim muhim bandlari bekor qilinishi mumkin.

Xorijdan yog’ilayotgan tanqidlarga ayrim misrliklar tanqid bilan javob beradi.

“Amerika yoki Yevropaga qarab o’tiramizmi? Bu yerda cherkovlarni yoqib yuborishyapti, nega G’arb davlatlari jim turibdi? Nega Musulmon Birodarlarga bir o’g’iz gap aytmaydi?”, - deydi fuqaro.

Obama ma’muriyati Misr muvaqqat rahbarlarini favqulodda holatni bekor qilishga va jamiyatning turli qatlamlarini aks ettiruvchi demokratik hukumat tuzishga undayapti.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG