Breaking News

Mursiy oilasi harbiylarni sudga bermoqchi


Muhammad Mursiyning o'g'li Osama Mursiy, 22-iyul, Qohira, Misr.
Muhammad Mursiyning o'g'li Osama Mursiy, 22-iyul, Qohira, Misr.
Misrda hokimiyatdan ag’darilgan Muhammad Mursiy oilasi harbiylarni davlat rahbarini o’g’irlaganlikda ayblayapti. Zo’ravonlik kuchaygan bir paytda bu vaziyatni yanada chigallashtirishi mumkin.
Mursiy oilasining murojaati, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00
Yuklab oling
Mursiyning qizi Shayma qarindoshlari nomidan harbiylarga qaratilgan bayonotni o’qib eshittirdi. Uning aytishicha, Mursiy oilasi Misr harbiylarini milliy va xalqaro sudga bermoqchi.

Bu sobiq prezident oilasining hukumat ag’darilgandan beri ilk bor jamoat oldida gapirishi. Shayma general Abdul Fattoh al-Sissiyni qonli to’ntarishni amalga oshirganlikda ayblaydi.

Ular otamning sog’lig’i va xavfsizligi uchun javob beradi, deydi Shayma.

Harbiylar Muhammad Mursiyni 3-iyuldan beri noma’lum joyda saqlab kelmoqda. Sobiq rahbarga qarshi rasman biror ayblov qo’yilmagan.

Mursiyning o’g’li Osama bo’lib o’tgan ishni odam o’g’irlash deb ataydi.

“Men xalqaro ommaviy axborot vositalariga, jamoatchilik vakillariga hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat etdim. Ulardan hanuz qonuniy prezident bo’lib qolayotgan otamning sog’lig’i va xavfsizligini ta’minlash uchun yordam so’rayman”, - deydi Osama.

Harbiylar hukmronligiga qarshi namoyishlar butun mamlakat bo’ylab davom etmoqda. Mursiy tarafdorlari erkin va demokratik saylovlar yo’li bilan prezidentlikka kelgan arbobning hokimiyatga qayta tiklanishini talab etmoqda.

Ammo mazkur harakatlarning naf berishiga umid kam. Mursiyning o’zi mamlakatda sud mustaqilligiga putur yetkazganlikda ayblanadi. Shuningdek, u korrupsiyaga qarshi kurash nomi ostida sud tizimidagi qator rasmiylarni lavozimidan chetlatgan.

“Al-Ahram” haftalik gazetasi muharriri Amira Huvaydiyning aytishicha, Mursiyning oilasi harbiylarni sudga bergani bilan foyda yo’q. Muhimi – hozir Mursiyning taqdiriga imkon qadar ko’p e’tibor jalb qilish, deb hisoblaydi u.

“Harbiylar o’z xatti-harakatini izohlashi kerak: yo Mursiyga qarshi jinoiy ish ochilsin, yo qo’yib yuborilsin”, - deydi Huvaydiy.

Yana uning aytishicha, “Musulmon Birodarlar” Mursiyning ozod etilishi bo’yicha aniq strategiyaga ega emas. Ular faqat ozodlikni talab qilishdan nariga o’tishmayapti, deydi u.

“Ular ehtiyot bo’lib ish tutishyapti. Mursiy va boshqa yetakchilarga zarar yetkazmasdan ish olib borishyapti. Bilasiz, hozir harakatning olti yoki yetti rahbari qamoqda. Ularga qarshi jiddiy ayblovlar qo’yilgan”, - deydi “Al-Ahram” gazetasi muharriri.

Misrda zo’ravonlik borgan sari butun mamlakatga yoyilmoqda. Yakshanba kuni shimoldagi Sinay yarim orolida yuz bergan to’qnashuvda to’rt askar halok bo’lgan. Bungacha esa bir necha o’nlab namoyishchilarning askarlar o’qidan o’lgani ma’lum.

O’tish hukumati ayni paytda konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish ustida ishlamoqda. Loyiha tayyor bo’lgach, umumxalq referendumiga qo’yiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG