AQShda prezidentlik uchun davom etayotgan saylov kampaniyasini xalqaro hamjamiyat ham yaqindan kuzatmoqda. Demokrat Hillari Klinton va respublikachi Donald Tramp tashqi siyosat, terrorizmga qarshi kurash va boshqa global masalalarda o'z fikrlarini olg'a surmoqda.
67 yillik tarixga ega NATO tashkiloti AQSh saylov kampaniyasining markaziga ko'chdi.
"Biz ittifoqchilarimiz bilan yaqindan ishlashimiz kerak. Donald esa bunday fikrdan yiroq", - deydi Hillari Klinton.
"Ular bilan uzoq yillar ishladik va ko'rganimiz ulkan muammo bo'ldi", - deydi Donald Tramp.
Nomzodlar qarashlaridagi asosiy farq AQShning NATO oldidagi majburiyatlari haqida, deydi tahlilchi Jeremi Meyer.
"Tramp millatchi va shuhratparast. Klinton esa baynalminalchi va ko'p tomonlama aloqalar tarafdori", - deydi u.
Tramp armiyani kuchaytirish va xalqaro munosabatlarda AQSh manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yish tarafdori. Klinton esa Amerika tashqi siyosatida diplomatiyadan tortib xalqaro yordam dasturlarigacha bo'lgan vositalardan foydalanmoqchi.
Rossiya kabi raqib davlatlar yana bir bahs mavzusi.
"Putin bilan tanish emasman, lekin birga ishlay olsak yaxshi bo'lardi, chunki IShIDga qarshi birga kurashamiz", - deydi Tramp.
Klinton esa ehtiyotkor.
"Rossiyaga qarshi turganman. Putinni va boshqalarni tanqid qilganman", - deydi u.
Eron yadro dasturi bo'yicha ham qarashlar farqli. Tramp bu borada imzolangan bitimni AQSh uchun "yomon kelishuv" desa, Klinton Tehronning yadro dasturi to'xtatilganini aytadi.
Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi kurash masalasida ham nomzodlar o'rtasidagi tafovut borgan sari kuchayib bormoqda.
"Assadni umuman yoqtirmayman, lekin Assad IShIDni yo'q qilyapti. Rossiya va Eron ham. Zaif tashqi siyosatimizni deb birlashdi ular", - deydi Tramp.
"Rossiya "Islomiy davlat"ga e'tibor berayotgani yo'q. Ular Assadni hokimiyatda saqlashdan manfaatdor. Men parvozlar taqiqlangan xavfsiz zona barpo etish tarafdoriman", - deydi Klinton.
Ammo saylovchilar tashqi siyosatdan ko'ra iqtisodiyot va ish o'rinlari kabi ichki masalalarga ko'proq qiziqishi aytiladi.