Vashington Erdog’anning G’azoga rejalagan tashrifidan norozi

  • Amerika Ovozi
Turkiya bosh vazirining G’azo sektoriga rejalangan safari Qo’shma Shtatlarda chuqur norozilik uyg’otmoqda. Vashington nazarida Anqara va Isroil aloqalari endi izga tushayotgan nozik bir pallada bunday xatti-harakatlar o’rinsiz.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Turkiya rahbarlaridan G’azoga safarni bekor qilishni so’ramoqda. Negaki, bunday tashrif Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik muzokaralarini jonlantirish harakatlariga pand berishi mumkin.

Turkiya Bosh vaziri o’rinbosari Bulent Arinch AQSh iltimosiga “yo’q” deya javob berdi.

“Qo’shma Shtatlar bizga bunday talab qo’yishi diplomatik jihatdan e’tirozli holat. Turkiya bunday masalalarda birovlardan maslahat olib o’tirmaydi”, - deydi rasmiy.

“Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idiz fikricha, Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning G’azoga rejalangan tashrifi ichki siyosat bilan bog’liq.

“Erdog’an bu bilan o’z imijini yaxshilashga, mintaqadagi diniy tarafdorlari ko’nglini ovlashga harakat qilyapti. Isroil bilan yarashish va Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarini jonlantirish hozir strategik talab. G’azoga tashrif ana shunday turli maqsadlarning ifodasidir”, - deydi jurnalist.

Erdog’an G’azoni boshqaruvchi Xamas guruhi bilan yaxshi til topishadi. Rasmiy Anqara bu guruhni raqib Fatx harakati bilan birlashishga undab kelmoqda.

“Tashqi ishlar vaziri Ahmed Dovudo’g’li gap bu yerda G’azoga tashrif haqida emas, Falastin birdamligi haqida ketyapti, deb aytdi. Fatx va Xamas o’rtasida muzokaralarni tezlashtirish maqsad qilingan”, - deydi Semih Idiz.

Bir necha oylik nizodan keyin Turkiya va Isroil diplomatik aloqani tiklamoqda. AQShning qistovi bilan, yahudiy davlati 2010-yili Turkiyaning gumanitar kemasiga hujum qilgani uchun kechirim so’ragan.

Bosh vazir Erdog’an kelasi oy Vashingtonda mehmon bo’lishi kutilyapti.

AQSh bosh diplomati Jon Kerri Erdog’an bilan telefon orqali suhbatda hozir G’azo sektoriga borishning mavridi emas deya, safarni kechiktirishni so’ragan. “Vazir meni iltifot bilan tingladi. Vashingtonga kelganida bu haqida yana gaplashamiz”, - deydi u.

Siyosatshunos Chingiz Aktarning aytishicha, AQSh bosimi oshib boraveradi:

“Obama ma’muriyati, albatta, o’z reja-manfaatilaridan kelib chiqib ish tutyapti. Erdog’anni ko’ndirishiga ishonadi. Ushbu nizo AQSh-Turkiya aloqalariga uncha ta’sir ko’rsatmaydi”.

Ayni paytda Turkiya bosh vaziri G’azoga safar qilish rejasi o’zgarishsiz qoladi, deb ta’kidlamoqda.