Yevropa Ittifoqi parchalanib ketishi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Oxirgi bir necha oy ichida Yevropa Ittifoqi ikkita inqiroz bilan yuzlashdi: Gretsiyadagi siyosiy va iqtisodiy bo'hron hamda yuz minglab qochoqlar oqimi. Ayrim ekspertlarga ko'ra, ittifoqning yashab qolishi xavf ostida.

Your browser doesn’t support HTML5

Yevropa kelajagi, Behzod Muhammadiy

Iyul oyida Gretsiya xalqi Yevropa Ittifoqining qarz berish shartlarini rad qilgach, mamlakat siyosiy va iqtisodiy tanazzul bilan yuzlashdi. Shunga qaramay, Bryussel bosimi ostida Bosh vazir Aleksis Tsipras kelishuvga imzo chekdi, ammo Yevropa Ittifoqiga nisbatan ishonchga putur yetdi, deydi Londondagi Qirollik Holovey universiteti tadqiqotchisi Andre Mamoni.

"Bir davlatning siyosatchisi, boshqa bir davlatning vaziri shunga ovoz berishingiz kerak, deb tursa, nega, bu talablarning demokratik asosi bormi, deb so'raysiz", - deydi u.

Yaqin Sharqda fuqarolar urushi kuchayib, yuz minglab qochoqlar Yevropa ittifoqi chegaralarini kesib o'tdi. Bryussel ularning ahvoliga yetarli e'tibor bermaganlikda ayblanmoqda.

Bu esa Yevropada birdamlik yo'qligidan dalolat, deydi Mamoni.

"Davlatlar va davlatlar aholisi ichida bo'linishlar yuz berdi. Bir davlat aholisi boshqa davlat aholisi bilan kelisha olmayapti. Boshqalar deganda Yevropaning boshqa mamlakatlarini nazarda tutyapman", - deydi tadqiqotchi.

Ammo bu ittifoq bo'linishi kerak, degani emas, deydi Londondagi Yevropa islohoti markazi tahlilchisi Kristian Odendal.

"Qochoqlar inqirozi Yevropadan umumiy yechim talab qiladi. Bu Yevropa Ittifoqining aybi emas. Milliy demokratiyalar, masalan, iqtisodiy inqiroz paytida shu yechimni bera olmas ekan, ko'proq integratsiyaga ehtiyojimiz bor", - deydi u.

Ittifoq a'zolari 30 yil avval pasportsiz sayohat qilish imkonini beruvchi Shengen bitimiga imzo chekkan edi. Bugun kelishuv 26 davlatda amal qiladi.

Qochoqlar oqimiga qarshi bir necha davlat chegaralarini yopish payiga tushgach, erkin harakatlanish huquqi sinovga tutildi. Vengriyaning janubiy chegaralarini sim to'rtlar bilan o'rayotgani ajablanarli, deydi London Iqtisodiyot maktabi tadqiqotchisi Jeyms Ker-Lindsi.

"Shengen rejimi, ochiq chegaralar va erkin harakatlanish g'oyasi Yevropa Ittifoqi erishgan eng katta muvaffaqiyatlardan biri edi. Bu devorlarning qayta ko'tarilishi juda kutilmagan hol bo'ldi", - deydi u.

Oldinda esa yangi tahdidlar bo'y cho'zmoqda. Buyuk Britaniya 2018-yilgacha ittifoqni tark etish haqida referendum o'tkazmoqchi. So'rovlarda buni qo'llab-quvvatlayotganlar ko'p. Agar London Bryussel izmidan chiqishga qaror qilsa, bu ittifoqni parchalab yuborishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.