Yevropa Rossiya gaziga qaramlikdan qutilish yo'llarini qidirmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Qrimni o’ziga qo’shib olgandan beri G’arb va Kreml o’rtasida ziddiyat kuchayib bormoqda. Energiyaga bo’lgan ehtiyojining salmoqli qismini Rossiya gazi hisobiga qondiruvchi Yevropa enegiya manbalarini ko’paytirish va Rossiyaga qaramlikdan qutilish choralarini izlamoqda.

Yevropa Ittifoqi Rossiya gaziga bo’lgan tobeligini kamaytirish uchun AQShdagi slanets gaz maydonlariga ko’z tikmoqda.
AQSh dunyoda eng ko’p tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi mamlakat hisoblanadi. Yevropa okeanortidagi gazni suyultirilgan holda keltirish imkoniyatini o’rganmoqda.

O’tgan hafta Bryusselda o’tgan AQSh va Yevropa Ittifoqi savdo yig’inida bu muhokama qilingan eng dolzarb mavzu bo’ldi.

“Biz, yevropaliklar, energiyaga bo’lgan ehtiyojimizni qondirishda tashqi davlatlarga, ayniqsa, Rossiyaga qarammiz. Bu muammoning oson yechimi mavjudmi? Afsuski, yo’q. Slanets gazini olib kelish masalasida men AQSh bilan gaplashmoqchiman”, - deydi Yevropa Ittifoqining savdo vaziri Karel de Guxt.

Kuzatuvchilar bu rejani amalga oshirish yo’lida to’siqlar ko’p ekanini aytadi. Transport xarajatlari bois Amerika gazi Rossiyanikidan ancha qimmatga tushadi.

Ayrim AQShliklar esa arzon slanets gazining xorijga eksport qilinishiga qarshi. Ularga ko’ra, bu gaz Amerika sanoati uchun shu yerning o’zida kerak.

London Shahar universiteti professori Alan Rayli masalaning Yevropa va Rossiya o’rtasidagi geosiyosiy munosabatlarga bog’liqligini aytadi.

“Yevropa oldida turli muqobil yo’llar bor. Dastlab, Qatardan suyultirilgan gaz olib kelish, keyingi bir necha yil ichida esa gazni AQShdan keltirishni yo’lga qo’yish mumkin. Shuningdek, energiyani ko’mirdan olish imkoniyati ham bor. AQShda gazga o’tilgandan beri ko’mir ko’p ishlatilmayapti. Endi u Yevropaga oqib kelishi mumkin”, - deydi professor Rayli.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tutgan yo’li Yevropa uchun kutilmagan hol bo’ldi. Shuning uchun yevropaliklar Rossiya gazidan uzoqlashish harakatini yanada kuchaytiradi, deydi Yevropa islohoti nomli markaz tahlilchisi Iyn Bond.

“Suyultirilgan tabiiy gazning Qatar va Jazoir kabi boshqa manbalari ham bor. Balki Germaniya yadro stansiyalarini ma’lum muddatga qayta yoqishi mumkin. Bu uning Rossiya gaziga qaramligini ancha kamaytiradi”, - deydi u.

O’tgan yili iyun oyida Ozarbayjon gazini Yevropaga keltirish bo’yicha Gretsiya bilan kelishuv imzolangan edi. Ammo Trans-Adriatika quvuri deya atalayotgan bu loyiha 2019-yilgacha ishga tushmaydi.

Muqobil yo’llarning mavjudligi Yevropa foydasiga xizmat qiladi, deydi Iyn Bond.

“Rossiya Yevropaga gaz sotish orqali topadigan daromadga juda muhtoj. Davlat byudjetining kamida yarmi Yevropaga sotiladigan tabiiy xom-ashyodan keladi. Qishda Gazprom bankrot bo’lguncha, Yevropaning muzlab bo’lishi haqiqatga yaqinroq bo’lsa-da, yozda Yevropaning imkoniyatlari kengroq”, - deydi Bond.

Ammo ko’plab tahlilchilar Yevropaning qanday qaror qabul qilishi narxlarga borib taqalishini aytmoqda. Bryussel Moskva siyosatini qanchalik tanqid qilmasin, Rossiya Yevropaga eng arzon narxda gaz sotishda davom etmoqda.