Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishga qaror qildi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqiga a'zo Italiya, Gretsiya va Germaniya rahbarlari

Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar elchilari kecha Bryusselda majlis qilib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana olti oyga cho'zishga kelishib oldi. G'arb Rossiyani Ukrainadagi mojaro ortida turganlikda ayblab keladi. Kelasi hafta Lyuksemburgda blokning 28 tashqi ishlar vaziri qarorni rasmiylashtiradi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Moskva jim turmaydi, javob sanksiyalarini qo'llaydi. Tahlilchilarga ko'ra, Rossiya Yevropa oziq-ovqat importini qo'shimcha cheklashi mumkin.

Rossiya Qrimni o'tgan yil martida o'ziga qo'shib olganidan so'ng iyul oyida uning energetika, mudofaa va moliya sektorlariga ilk sanksiyalar kiritilgan edi. AQSh ham jazo choralarini qo'llagan.

Rossiya Ukraina sharqida markaziy hukumatga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ham ayblanadi.