Bryusselda qochqinlar masalasi bo'yicha ikki kunlik sammit

  • Amerika Ovozi

Bugun Yevropa Ittifoqi va Turkiya rasmiylari qochqinlar masalasi bo'yicha kelishuvni ma'qullash uchun Bryusselda majlis qilmoqda. Noqonuniy migratsiyani to'xtatish - bosh mavzu.

Turkiyadan Gretsiyaga kelgan minglab qochqinlar ortga qaytarilishi mumkin. Bu Yevropa qochqinlar muammosiga ko’z yumayapti degani emas, maqsad odam savdosiga, jinoiy tizimlarga bolta urish, deydi rasmiylar.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining migratsiya masalalari bo'yicha komissari Dimitris Avramopolus Turkiyada qochqin maqomini olgan odamlarni joylashtirish majburiyatini eslatmoqda.

Ayni paytda Gretsiyaga bosh urib kelgan qochqinlar 46 mingga yetdi. Chegaralar yopiq, hukumatlar muammoni o'zi bilgancha hal qilmoqda. Byrusseldagi ikki kunlik sammitda 28 davlat o'zaro kelishmovchiliklarni chetga surib, yagona yechim bilan chiqishi darkor.

"Uy-joyini tashlab ketgan bu insonlarni boshpana bilan ta'minlash uchun Yevropa kollektiv bir reja bilan chiqishi kerak", - deydi BMT Qochqinlar agentligidan Babar Baloch.

O'tgan hafta erishilgan kelishuv loyihasiga ko'ra, Anqara Gretsiyaga hujjatsiz borgan barcha qochqinlarni qaytarib olishga rozi. Ortga qaytarilgan har bir qochqin evaziga Yevropa Turkiyadagi qochoqlar lagerlarida yashayotgan bir odamga boshpana beradi.

Evaziga Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish jarayoni tezlashtiriladi. Vizasiz bordi-keldi yo'lga qo'yilishi mumkin. Ammo qator davlatlar turk fuqarolariga bunday imtiyoz berishiliga qarshi.