Ukraina parlamentida ukrain yoki ruschani davlat tili etib tanlash borasida bahslar hali tingani yo’q. Ayni paytda inglizchaning ahamiyati oshib bormoqda. Ukraina va Polsha mezbon Yevropa futbol chempionati mavzu muhokamasini yanada avj oldirib yuborgan.
Futbol bo’yicha “Yevro-2012” musobaqasi Ukrainaning kundalik hayotini o’zgartirib yubordi. Chempionat sabab turistlar soni keskin oshgan. Ularga xizmat ko’rsatish, muloqot qilish uchun tadbirkorlardan tortib oddiy fuqarolargacha - ukrainlar ingliz tilida sayramoqda.“Ajoyib Kiyev” sayyohlik loyihasi koordinatori Arseniy Finberg tadbirkor.
“Biz ingliz tilini biladigan gidlar hamrohligida ko’p sayohatlar tashkil etamiz”, - deydi u.
Poytaxt ko’chalarida ingliz tiliga e’tibor oshganini sezish mumkin. Metro bekatlari nomlari hozir ukrain va inglizchada e’lon qilinmoqda. Ko’cha-kuyda barcha belgilar har ikki tilda yozilgan. Restoranlarda menyular ingliz tilida.
Shvetsiyalik sayyoh Katerinaning aytishicha, Ukrainada inglizzabon sayyohlar uchun hozir til muammo emas.
“O’tgan yili kelganimda hamma narsa ukraincha edi. Hozir har yerda, metrolarda belgilar ingliz tilida, bekatlar ham ukrain va inglizchada e’lon qilinmoqda. Shahar sayyohlarni qabul qilish uchun yaxshi tayyorgarlik ko’rgan”, - deydi u.
Ukrainaliklar xorijdan tashrif buyurgan futbol muxlislarini eshitib hayron qoladi - ona tili boshqa, lekin inglizchani suv qilib ichib yuborgan! Chempionat arafasida bozor ham shunga o’zini tayyorlay boshladi. Savdo va xizmat ko’rsatish kompaniyalarida til bilgan xodimlarga talab oshdi. Ko’ngilli bo’lib ishlayotgan Tatyananing aytishicha, hozir inglizchani o’rganish barcha uchun shart.
“Qaysi sohada ishlashingizdan qat’iy nazar, ingliz tiliga tegib o’tishi aniq”, - deydi u.
Yana bir ko’ngilli Katerina:
“Ingliz tilida gapiruvchilar soni kun-sayin ko’payib bormoqda. Uni bilmaydigan odamlar esa dars olayotganidan xabarim bor. Hozir deyarli har bir odam gapiradi”, - deydi u.
Kiyevga yopirilib kelgan turistlar oqimi mahalliy aholiga ingliz tili qanchalik ahamiyatli ekanini ko’rsatmoqda. Lug’atlarga sho’ng’igan ukrainlar esa bir ibora bilan bo’lsa ham, xorijliklarga o’z futbol jamoalari haqida maqtanishni istaydi.