Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bugun favqulodda majlis o’tkazib Iroqda jangarilar bilan olishayotgan kurd armiyasini qurollantirish haqida gaplashmoqda.
Bryusseldagi uchashuv Bosh vazir Nuri al-Malikiy xalqaro bosim oqibatida lavozimidan ketishga rozi bo’lgan, yangi bosh vazirni qo’llab-quvvatlashini aytgani ketidan o’tayapti.
Malikiyning qarori chet davlatlarni harbiy yordamni oshirishga rag’batlantirishi mumkin. Jangarilar Iroq shimoli-g’arbining katta qismlarini egallab olgan. Ular o’sha yerdan turib G’arbga hujumlarni amalga oshirishi mumkin, degan xavotir kuchli.
Yevropa Ittifoqi mojaroga qanday yondashish yuzasidan qoq ikkiga ajralib qolgan. Ayrim mamlakatlar, jumladan, Britaniya va Fransiya Amerika ketidan kurd armiyasini qo’llab-quvvatlashga kirishdi.
Germaniya esa urushga aralashishga shoshmayapti va insonparvarlik yordami jo’natish bilan cheklanayapti.
Iroq qurolli kuchlarining sunniy ekstremistlar bilan olishishga kuchi yetmayapti. Nuri al-Malikiy boshqaruvi davrida davlatni birlashtira olmaganlikda, aksincha, ozchilik elatlarni va diniy guruhlarni kamsitganlikda ayblanadi.
Kechagi chiqishida Malikiy nihoyat bosh vazirlikka nomzod Haydar al-Abadiyni yoqladi. “Menga biror lavozim kerak emas va Iroqdagi siyosiy jarayonlarni tezlatish uchun ishimdan ketishga tayyorman. Iroq manfaatlari yo’lida Haydar al-Abadiyning nomzodini qo’llab-quvvatlayman”, - deydi Malikiy.