Yevropa Ittifoqi migrantlarni qabul qilishga kvota belgiladi

  • Amerika Ovozi

Migrantlar Vengriyadan Avstriya chegarasi tomon yo'l olmoqda

Germaniya kansleri Angela Merkel 16 viloyat gubernatorlari bilan uchrashib, migrantlarni mamlakat bo'ylab joylashtirish xususida gaplashdi. Unga ko'ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari 120 ming qochqinni taqsimlashga kelishib olgani ijobiy hol.

Suriya mojarosi ko'plab odamlarni mamlakatni tark etishga majbur qildi, deydi Merkel.

Aytish joiz, migrantlar orasida nafaqat suriyaliklar, balki iroqliklar, afg'onlar, afrikaliklar ham bor.

Qochoqlarni o'z mamlakatlariga yaqin lagerlarda joylashtirishda ko'maklashish maqsadida kecha Yevropa Ittifoqi xalqaro yordam tashkilotlariga 1,1 milliard dollar berishga qaror qildi.

Bugun ertalab Bryusselda ushbu mavzuda favqulodda majlis o'tkazilgan. Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tuskning aytishicha, ittifoqqa a'zo barcha 28 mamlakat Suriyadan qochgan millionlab odamlarni qabul qilgan Livan, Turkiya va Iordaniyaga moliyaviy yordamni oshirishga, qochqin maqomi va himoyasiga muhtojlarni aniqlash va ro'yxatga olish uchun noyabr oxirigacha maxsus markazlar o'rnatishga kelishib oldi.

Har bir mamlakatga migrantlarni qabul qilish uchun kvota belgilandi. Kvotaga qarshi ovoz bergan to'rt mamlakatdan biri Slovakiya migrantlarni umuman qabul qilmasligini bildirdi. Qolgan uch davlat Polsha, Vengriya va Ruminiya kvotaga qarshi ovoz bergan bo'lsa-da, ularning oz qismiga mezbonlik qilishga rozi.