Yevropa qit'aga Yaqin Sharq va Afrikadan kelayotgan minglab muhojirlarni tartibli ravishda joylashtira oladimi? Ba'zi mamlakatlar bu ishga astoydil kirishayotgan bo'lsa, boshqalar iqtisodiy tomondan qiyin sharoitiga ishora qilmoqda. Ba'zi tahlilchilar nazarida migrantlarning katta qismi yoshlar bo'lib, ular o'qish va ishlashga tayyor, demak, bundan faqat Yevropa foyda ko'radi.
So'nggi oylarda Yevropaga yuz minglab migrant yetib bordi. Ba'zilari yo'lda nobud bo'ldi, safar davomida kimdir farzand ko'rdi. Ko'plar holsizlangan, betoblar bor. Ular oziq-ovqat, turar-joy, tibbiy xizmatga muhtoj.
Xorvatiya ikki hafta ichida o'n minglab muhojirni qabul qildi. Bu mamlakat Prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi ma'ruzasida moliyaviy yordam so'radi.
“Sentabr o'rtalaridan beri Xorvatiyaga salkam 80 ming odam kirdi. Biz Yevropa Ittifoqi siyosatini qo'llab-quvvatlagan holda ularni qabul qildik. Janubi-sharqiy Yevropa mamlakatlariga bu og'ir yuk bo'lmoqda", - dedi u o'z nutqida.
Yevropa Ittifoqi Bolqonda tashkilotga a'zo bo'lmagan davlatlarga muhojirlar ehtiyojlari uchun moddiy yordam berishni va'da qildi. Geosiyosiy sabablardan kelib chiqqan holda ittifoq Serbiyaga ko'proq yordam berishi kerak, deb hisoblaydi London iqtisodiyot maktabidan Jeyms Ker-Lindsi.
“Serbiyaga muammoni hal etishda yordam bermasak, nima bo'ladi? Ba'zi mamlakatlar hozirdan Yevropa Ittifoqi kelajagiga shubha bilan qaray boshladi. Rossiyaning Belgraddagi elchisi "Yevropa Ittifoqi sizlarni aldaydi, qochqinlar masalasida yordam bermaydi, og'ir yuk bo'lib qoladi" deb aytmoqda serb rasmiylariga", - deydi tahlilchi.
Joriy yilda Germaniya bir milliongacha migrantni qabul qilishi kutilmoqda. Uy-joy, ta'lim, ijtimoiy yordam uchun xarajatlar jiddiy, ammo bu iqtisodiyotga foydali bo'lishi ham mumkin, deydi Yevropa islohoti markazidan Kristian Odendal.
“Qisqa muddatda Yevropa qochqinlar muammosidan foyda ko'rishi mumkin. Iqtisodiyotga yordam bo'ladi", - deydi u.
Tahlilchiga ko'ra, Germaniya, Italiya, Fransiya kabi mamlakatlarda aholi qarimoqda va kamaymoqda.
“Uzoq muddatda inqiroz qit'ani qiynab qo'yishi mumkin, ammo boshqa tomondan, Yevropaning demografik muammosini hal etishda qo'l keladi. Ko'p narsa Yevropa migrantlarni jamiyatga qanchalik integratsiya qila olishiga, mehnat bozoriga jalb qila olishiga bog'liq", - deydi Kristian Odendal.
Tahlilchilarga ko'ra, muhojirlarni Yevropaning bir qismiga aylantirish oson bo'lmaydi, biroq bu qit'a mamlakatlari iqtisodiyotini jonlantirish uchun yaxshi imkoniyat.