Iroqdagi ekstremist jangarilar Falluja shahridan qochayotgan oddiy fuqarolarni otayapti. Norvegiya qochqinlar kengashi Furot daryosidan kechayotgan oilalar bilan gaplashib ana shunday ma'lumot olgan.
Iroq qurolli kuchlari bir necha oydirki, Fallujani "Islomiy davlat" guruhidan qaytarish uchun kurashayapti. Shahar 2014-yilning yanvaridan beri jangarilarning changalida qolmoqda. Shahar uch tomondan qurshab olingan va faqat Furot daryosining g'arbiy sohili biror taraf nazoratida emas.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisoblashicha, Fallujada hozir chamasi 50 ming oddiy fuqaro qolmoqda. Ayrimlar daryoni suzib o'tishga harakat qilmoqda. Ammo BMTning bildirishicha, eni 300 metr keladigan daryodan o'tayotib bir necha odam, jumladan, bolalar nobud bo'lgan.
Armiya harbiy amaliyotni 21-martda boshlagan bo'lsa, avvaliga taxminan uch ming oila shahardan qochib chiqa oldi. Lekin olishuvlar shiddatli tus olgani sari sanoqli odam Fallujadan bosh olib keta oldi.
Begunoh odamlarni ekstremistlar ataylab otayapti, deydi Norvegiya qochqinlar kengashidan Nasr Muflahiy.
Qo'shni Suriyada, bu orada, armiya va kurd jangchilari "Islomiy davlat" qo'lidagi yana ikki yirik shahar - Raqqa va Manbijni qaytarish uchun hujumga zo'r bergan. Raqqa radikal guruhning poytaxti deya ko'riladi. Manbij esa Turkiya bilan chegara yaqinida joylashgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5