AQSh va Xitoy o’rtasidagi savdo urushi, o’zaro ayblovlar amerikalik fermerlarni xavotirga solib qo’ydi. Xitoy boj solishni rejalayotgan mahsulotlarning katta qismi ular yashaydigan shtatlarda o’stiriladi. Donald Trampga ovoz bergan dehqonlar prezidentning savdo bo’yicha siyosatidan norozi.
Brent Shol - Illinoys shtatida fermer. Har ertalab qiladigan ishi bir xil. Inshootlaridan biriga borib, yuzlab cho’chqalaridan xabar oladi.
“Har ikki oyda 1100 ta cho’chqa sotib olaman”, - deydi u.
Shol hayvonlarni boqib katta qiladi, keyin bozorda sotadi. Yiliga olti ming cho’chqa.
Bu qattiq mehnat talab qiladigan ish, lekin daromad yomon emas. Chet elda cho’chqa go’shtiga talab katta.
“Mahsulotimning to’rtdan biri chet davlatga sotiladi. Daromadning qariyb uchdan biri xorijdan”, - deydi fermer.
AQSh Xitoydan import qilingan alyuminiy va po’latga tariflarni oshirganiga javoban Xitoy ham Amerikadan keladigan cho’chqa go’shtiga 25 foiz boj solishi mumkin.
“Bu biz uchun shumxabar. Chetdan keladigan daromaddan ayrilsam, xarajatni qoplay olmayman, biznesim o’ladi”, - deydi u.
“Pul qilishingiz yoki pul yo’qotishingiz eksportga bog’liq. O’tgan yilga qaraganda kamroq mahsulot sotsangiz, pul qilolmaysiz”, - deydi Tamara Nelsen, Illinoys fermer xo’jaliklari byurosi xodimi.
Uning aytishicha, so’nggi yillarda biznes yuritish xarajatlari oshgani sabab fermerlar yaxshi daromad qilolmayapti. Tariflar oshishi ularga yana bir zarba bo’ladi:
“Xitoy atigi 25 foiz boj qo’yamiz deyayotgan bo’lsa-da, bozorni sarosimaga solish uchun shuning o’zi yetarli. Dehqonlarga qiyin bo’ladi”.
Brent Shol soya ham yetishtiradi. Xitoy bu mahsulotga ham tarif qo’yamiz deb ogohlantirar ekan, soya narxi tushishga ulgurdi.
Xavotirim shuki, deydi Shol, Xitoy mahsulotni boshqa davlatdan olishi, AQShga bozorini yopishi mumkin. Uning fikricha, ahvol shu darajaga kelganiga bitta odam aybdor - prezident.
Tramp savdo kelishuvlarini qoralab kelmoqda. Shol 2016-yilda Trampga ovoz bergan. Tramp yaqinda shunday dedi:
“Xitoy bilan kelishishga harakat qilyapmiz. Agar muzokara davomida ular fermerlarimizni boj bilan jazolash yo’lidan borishsa, yaxshi ish bo’lmaydi. Lekin fermerlarimiz vatanparvar odamlar, davlat uchun fidoyilik qilish nima ekanini tushunadi. Biz ularga yordam beramiz, tashlab qo’ymaymiz”.
Brent Shol Trampga ovoz berganidan afsusda.
“Uni yaxshiroq nomzod deb bilganman. Hozir nima deb o’ylashni ham bilmay qoldim”, - deydi fermer.
U Prezident Trampning savdo bo’yicha olib borayotgan muzokaralari Amerikada ish o’rinlarini saqlab qolishiga umid qilmoqda. Aks holda, deydi Shol, kelasi prezident saylovida boshqa nomzodni tanlashga to’g’ri keladi.