Missuri shtatining Ferguson shahrida 18 yoshli Maykl Braunning politsiya o’qidan halok bo’lganiga bir yil to’ldi. Shu munosabat bilan shaharda o’tgan xotira namoyishlari yana janjalga aylanib ketdi.
Fergusonda tun kirishi bilan namoyishchilar va politsiya o’rtasida to’qnashuv boshlandi.
Ko’plar ko’chaga chiqmaslik haqidagi politsiya buyrug’iga itoat qilmasdan, katta ko’chadagi qatnovni to’sib qo’ydi. O’tgan yili xuddi shu yerda to’polonlar boshlangan edi.
Maykl Braun o’limining bir yillik xotirasi notinchlik bilan qarshi olinar ekan, ayrimlar bu hodisaning aholida ogohlik hissini uyg’otganini aytadi.
“Ular bizni haddan oshishda ayblashadi. Lekin Mayk Braun o’limi shu paytgacha ko’z yumib kelingan masalani yuzaga olib chiqdi”, - deydi Mel Stif ismli fuqaro.
“Faollar, namoyishchilar va oddiy odamlar ongida ko’p narsa o’zgardi. Ko’pchiligimizda hatto biz tasavvur qila olmagan darajada uyg’onish bo’ldi”, - deydi yana bir fuqaro Tiffani Shon.
Ammo hanuz o’zgarmagan narsalar bor.
“Politsiyaning bizga munosabati, biz bilan o’zini tutishida ko’p narsa o’zgargani yo’q”, - deydi u.
Shu hafta politsiyaga qarata o’q otgani aytilgan shaxs huquq-tartibot organlarining javob hujumida yaralangach, Ferguson ko’chalarida politsiyachilar soni ko’paytirildi va favqulodda holat e’lon qilindi.
Lekin norozi odamlar bu taqiqlarga rioya qilmoqchi emas.
“Zo’ravonlik baribir bo’ladi. Uni kichraytirib ko’rsatish niyatim yo’q. Chunki xohlaysizmi yo’qmi, bu muammo bor”, - deydi Shon.
“Buncha ko’p odam yig’ilgan joyda bir-birini yoqtirmaydigan insonlar bo’lishi tabiiy”, - deydi Mel Stif.
Tinmay suv idishlari va toshlar otilishiga qaramay, politsiya ko’plab namoyishchilarni katta yo’lga chiqishdan to’xtatib qoldi. Kun avvalida ham boshqa bir yo’lda shunday qilingan edi.
“O’tgan yilgidan bosiqroq bo’lyapti bu safar. O’tgan yili kutilmaganda ko’plab odam yig’ilgan, natija hissiyotli edi. Hozir ancha ijobiy, ta’siri yanada kuchli”, - deydi Stif.
Namoyishlar yana davom etishi kutilyapti.