AQShda fazo biznesi gurkiramoqda

  • Amerika Ovozi

Floridadagi Kennedi fazo markazida so'nggi bor 2011-yil iyulda kosmik kema uchirilgan edi. Shundan beri bu yerda faoliyat susaygandek. AQSh Fazo boshqarmasi NASAning keyingi kemasi tayyor bo'lishiga hali ancha bor. Shu bois kosmosga odam uchirish hozir Qozog'istondagi Baykonur kosmodromidan amalga oshirilmoqda. Kennedi markazida esa xususiy fazo kompaniyalari faoliyati jonlangan.

NASAning kosmik parvoz dasturi tugatilgach, Kennedi fazo markazida ishlagan minglab muhandislar ishdan bo'shatildi.

Iqtisodchilar bu Florida shtati iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo'lishini taxmin qilishdi. Chunki injenerlarni qayta ishga olish imkoniyatiga ega xususiy fazo kompaniyalari yo'q edi.

"Eng yaxshi holatda 2020-yilga borib ikkita yoki uchta kompaniya bo'lsa kerak, deb o'yladik", - deydi Kennedi markazi xodimi Tom Engler.

Xalqaro fazo markaziga Rossiya raketalari orqali bitta fazogirni uchirish narxi 80 million dollargacha chiqdi. Xususiy kompaniyalar bunda yaxshi biznes imkoniyatini ko'rdi. Shu tariqa "United Launch Alliance", "Space X", "Blue Origin" va "Boeing" kabi kompaniyalar fazo biznesiga kirib keldi.

2012-yil oktabriga kelib "Space X" fazo stansiyasiga "Dragon" yuk kemasini uchirishga muvaffaq bo'ldi.

Hozircha hech bir xususiy kompaniya fazoga odam uchirish uchun tayyor emas, lekin ular tez orada bunga ham erishishlarini aytmoqda.

"Bu yerda fazogirlarni tepaga olib chiqadigan lift bor. Ular shu yerda tayyorlanishadi, kosmonavt kiyimini kiyishadi va haqiqiy parvoz oldidan bo'ladigan hamma ishlarni bajarishadi", - deydi "United Launch Alliance" vakili Toni Taliankich.

Bu orada NASA asosiy e'tiborini olis fazoga, Marsga odam uchirish missiyasiga qaratmoqda. Sobiq astronavt Baz Aldrinning aytishicha, tijoriy kompaniyalar imkoniyati oshgan paytda yerdan olisdagi kosmosni tadqiq qilish to'g'ri qaror.

"Hozir fazo bilan shug'ullanishning ayni vaqti. Bolalar, kattalar, yosh professionallar ham qiziqishi kerak. Ilgariga qaraganda hozir imkoniyatlarimiz ko'p", - deydi u.

Kuzatuvchilar fazoda allaqachon raqobat boshlanganini ta'kidlamoqda. Davlatlar emas, balki xususiy kompaniyalar orasida.