BMT bosh kotibiga O'zbekistonda majburiy mehnat haqida eslatishdi

  • Amerika Ovozi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 12-iyunda O'zbekistonga borar ekan, huquq faollari unga bu davlatda majburiy mehnat bilan bog'liq ahvolni eslatmoqda.

Rasmiy Toshkent odamlarni yoppasiga paxta dalalariga haydashni bas qilsin, BMT bunga e'tibor qaratsin, deyiladi bir necha xalqaro tashkilot, huquq tashkilotlari, faollar imzolagan xatda.

BMT Inson huquqlari kengashi, Bolalar huquqlari bo'yicha qo'mita, Qiynoqlarga qarshi qo'mita bu mamlakatda bolalar ekspluatatsiya qilinayotgani haqida avval ham yozgan, gapirgan. Tashkilotlari rasmiy Toshkentni bu amaliyotni bas qilishga bot-bot undagan.

Xalqaro mehnat tashkiloti, xususan, joriy yilgi hisobotida O'zbekiston hukumatiga fuqarolar o'zi xohlagan ish bilan shug'ullanishga haqli ekani, buning uchun jazolanmasligi kerakligini eslatib, Toshkentni xalqaro hamjamiyat bilan ishlashga va majburiy mehnatga chek qo'yishga da'vat etdi.

Xalqaro bosim ostida O'zbekiston rahbariyati sekin-asta odamlarni ommaviy ravishda dalaga haydash ko'lamini kamaytira boshlagan. 2014-yilda, masalan, butun yurt bo'ylab bolalarni dalaga olib borish holati kuzatilmagan. Lekin katta yoshdagilarni ishlatish hollati o'z navbatida keskin oshgan.

Bu orada, joriy, 2015-yil bahorida rasmiylar yana bolalar va o'qituvchilarni, hamshira va davlat ishchilarini paxta terimiga olib chiqqan.

Shunday ekan, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun O'zbekistonga borganida masalani tilga olishi nihoyatda muhim, deyiladi nomada.

Xususan, Pan Gi Mundan rasmiy Toshkentga BMT tekshiruvlariga ruxsat berishni eslatishni so'ramoqda. Paxta sanoatini tubdan isloh qilishga chaqiring; huquq tashkilotlari va faollar paxta sektorida tekshiruvlar o'tkazishiga ijozat berilsin, deyiladi maktubda.

Nomani Paxta kampaniyasi, Amerika kiyim bosh va poyafzal uyushmasi, Amerika muallimlar uyushmasi, Qullikka qarshi xalqaro tashkilot, Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi, Ochiq jamiyat jamg'armasi, O'zbek-Germaniya inson huquqlari forumi, AQSh Moda sanoati uyushmasi va boshqa tashkilot va jamiyatlar imzolagan.

Shuningdek, eng uzoq vaqt qamoqdan qolayotgan jurnalistlardan biri Muhammad Bekjonov va huquq faoli, to'qqiz yil qamoqda o'tirib, yaqinda muddati yana besh yilga uzaytirilgan A'zam Farmonov va boshqalarni ozod qilinsin, deyiladi unda.