O’tgan yilgi kuchli zilziladan so’ng Gaitidan minglab odam AQShda boshpana topdi. Ularning kattagina qismi – yoshlar. Hozirda Amerika maktablarida tahsil olmoqda. Bu yigit-qizlarning yangi hayoti qanday?
Florida shtatidagi Boyd Anderson nomli mana bu maktabda oddiy kun. Ammo Kerbi Edme oddiy o’quvchi emas.
”Men qo’shni tomga sakrashim bilanoq, uy qulab tushdi”.
Kerbi bu maktabda o’qiyotgan 25 gaitilikdan biri.
”Oqituvchilar bizni sabr-toqat bilan o’qitishadi. Bizlar bu yerga kelganimizda, ingliz tilini bilmasdik-da”.
Boshqa muammolar ham ko’p bo’ldi. Amerika ta’lim tizimini bilmasdi ular, o’zini boshqalardan begona sezardi.
Muammolarni hal etish uchun maktab ma’muriyati Nyu-Yorkdagi “Fransiya me’rosi” degan til dasturi bilan hamkorlikda yangi darslar joriy etdi.
Gaitida asosiy til – fransuz tili.
O’qituvchi Metyu Dakin fikricha bu darslar o’quvchilarga ruhiy madad beradi.
“Maktab ichida kichik Gaiti bordek. Ular o’zini vatandagidek sezadi bu yerda”,- deydi u.
"Juda minnatormiz", - deydi mana bu o’quvchi.
”Men AQShga kelganimda, hadeb jahlim chiqardi, asabiylashardim ingliz tilini bilmaganim uchun. “Good morning” va “good afternoon”dan boshqa hech narsani bilmasdim.”
A’lochi o’quvchilardan biri Pol Alsest Zamor fransuz tilidan eng yaxshi baholar olgan, testlarni ham eng yuqori natija bilan topshirigan. Ammo universitetga kira olmadi.
Sabab – AQShdagi hujjatlarining chatoqligi. Pol hamon muhojirlik maqomi tasdiqlanishini kutmoqda. Usiz o’qishga qabul qilinmaydi.
“Nima bo’lganini o’ylasam, yig’lagim keladi… Maktabga kelganimda, a’lochilar safiga qo’shilishga harakat qildim. Uddasidan chiqdim. Lekin kollejga kirolmayapman”,- deydi u.
O’qishga kirish nafaqat o’zi, balki vatani Gaiti uchun ham muhim.
“Men yaxshi jarroh bo’lmoqchiman. Gaitiga qaytib, xalqimga xizmat qilmoqchiman”,- deydi Pol.
Boshqa o’quvchilar ham shu niyatda.
”Har bir gaitilik, hatto zilzila paytida u yerda bo’lmaganlar ham, muvaffaqiyatga erishsam, vatanimga foyda keltirsam, deydi. Ko’p emas, ozgina bo’lsa ham. Chunki ularni bir-biriga qo’shsangiz, kichik narsalar katta ahamiyatga ega bo’ladi”,- deydi gaitilik yoshlardan biri.
Bugun ular ham fransuz, ham ingliz tilida bilim olmoqda. Amerikalik tengqurlaridan qolishmaydi.