Katta Yigirmalikning Seuldagi sammiti nimani hal qiladi?

  • Amerika Ovozi

Kelasi oy Seulda Katta Yigirmalik rahbarlari uchrashadi. 22 oktabr kuni esa tashqi ishlar vazirlari va bank boshqaruvchilari to'planib maslahatlashadi.

Katta Yigirmalikka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari va bank rasmiylari Janubiy Koreyada yig’ilish taraddudida ekan, valyuta ustida bahs boshlanishi hech gapmas.

Iqtisodiy ahvol og’ir va davlatlar chora izlab, milliy pul qiymatini tushirish haqida o’ylanib qolgan.

22 oktabr kuni iqtisodiyoti taraqqiy etgan 20 davlat rasmiylari Seulda uchrashib, global moliya tizimini ta’mirlash borasida majlis qiladi.

Yetakchi uch davlat – Qo’shma Shtatlar, Xitoy va Yaponiya savdo va sarmoya masalasida bir-biriga suyanib qolgan. Biroq iqtisodchilar nazarida aloqalar tarang va muvozanat yo’qolgan. Sabablardan biri Xitoy valyuta siyosati. Rasmiy Pekin yuan qiymatini sun’iy ravishda past ko’rsatkichda ushlab keladi. Bu esa xitoy mahsulot arzon bo’lishiga, boshqa davlatlar molidan tezroq va ko’proq sotilishiga turtki beradi.

Bundan norozi yurtlar o’z valyutasi qiymatini tushirishga kirishadi, degan xavotir bor.

Xitoy nazarida esa Amerikadagi iqtisodiy muammo ildizi Vashington yuritayotgan siyosatda va yuanni ayblash bir bahona xolos.

Iqtisodchi professor Joshua Aezenman deydiki, iqtisodiyot global tus olgan bir pallada boy davlatlar o’zi bilganicha ish tutishi yaramaydi. Hamkorlikda qaror qabul qilish lozim, deydi u.

Janubiy koreyalik olim Kvak Sujong nazarida esa Vashington ham, Seul ham murosaga tayyordek. Joriy hafta Xitoyda foiz stavkalari birdan ko’tarildi, bu bir nishon, deydi olim.

Seuldagi bu anjuman kelasi oy Katta Yigirmalik rahbarlarining sammiti oldidan taraddud-muhokama sifatida ko’riladi.