13-iyun kuni Italiyada “Katta Yettilik” guruhining sammiti boshlandi. Rahbarlar Ukraina va G’azodagi vaziyatni muhokama qilmoqda. Migratsiya, sun’iy idrok, Afrikada iqtisodiy taraqqiyot, iqlim o’zgarishi kabi mavzular ham ko’riladi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Janubdagi mamlakatlar bilan muloqotni kuchaytirish tarafdorimiz. Italiya tarixan G’arb va Sharq o’rtasida ko’prik vazifasini bajarib kelgan”, - deydi sammit mezboni, Italiya Bosh vazirasi Jorjiya Meloni.
Anjumanga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham taklif etilgan. Saudiya Arabistoni qirolining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Italiyaga bormasligini bildirgan.
AQSh Prezidenti Jo Bayden o’g’li Xanter sudda unga qo’yilgan ayblovlar bo’yicha aybdor deb topilganiga qaramay, sammitni qoldirmadi. U Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinayotgan foizlarni Ukrainani qo’llab-quvvatlashga sarflash rejasini muhokama qilishi kutilmoqda.
Ayni paytda Rossiyaning 280 milliard dollarga yeng mulki G’arb moliyaviy institutlarida muzlatilgan. “Katta Yettilik” Ukrainaga 50 milliard dollarlik kredit berib, uni rus aktivlari foizi hisobiga yopmoqchi.
Meloni rahbarlar bu borada o'zaro siyosiy kelishuvga erishgani haqida aytdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi shunday bo'lgan taqdirda Moskvaning javobi Yevropa Ittifoqi uchun og'riqli bo'lishi haqida ogohlantirdi.
Amerika prezidenti Italiyadagi sammitda Xitoy masalasini ham ko’tarmoqchi. Vashington xususan Xitoyning global bozorni elektr avtomobillar bilan to’ldirayotganiga qarshi. Xitoyning bu sohadagi mollariga tariflarni oshirgan Bayden ma’muriyati “Katta Yettilik”ni ham chora ko’rishga chorlamoqchi.
AQSh Moliya vazirasi Janet Yellen ittifoqchi mamlakatlar bu masalada birlashgan front bo’lib harakatlanishi kerak, deydi.
Biroq Yevropa parlamentiga saylovlarda o’ng qanot partiyalarning yutug’i Fransiyada Prezident Emmanuel Makron, Germaniyada Kansler Olaf Sholsning pozitsiyalarini zaiflashtirdi. Bu esa ularning Rossiya va Xitoy bo’yicha siyosatiga ta’sir qilishi mumkin.
“Agar Fransiyada muddatidan erta saylovlarda ultra o’ng qanot kuchlar g’alaba qozonsa, nafaqat Ukrainani qo’llab-quvvatlashda, balki Xitoy frontida ham muammolarga yuz tutamiz”, - deydi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Liana Fiks.
“Katta Yettilik” rahbarlari Afrikaga sarmoya qilish orqali noqonuniy migratsiya oqimini cheklamoqchi. Tashkilot xususiy kompaniyalarni 2027-yilgacha infratuzilma taraqqiyoti uchun 600 milliard dollar sarflashga undayapti. Bu Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusiga muqobil loyiha deb ko’rilmoqda.
“Katta Yettilik” sammiti bilan bir paytda Bryusselda NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari ham uchrashmoqda. AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi Rustem Umerov bilan ko’rishib, frontdagi vaziyat, Ukrainaning harbiy ehtiyojlarini muhokama qildi. Umerov NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan ham muloqot qildi.
Kreml Ukrainaga G’arb qurollari bilan Rossiyaga zarba berishga ruxsat berish haqidagi gaplarni xavfli o’yin deb atamoqda.
Kubaga Rossiya jangovar kemalari va suvosti kemasining kirishini ayrim kuzatuvchilar Kremlning bunga javobi deya ko’rmoqda. AQSh janubidagi Florida shtatidan atigi 150 kilometr narida joylashgan rus kemalari ishtirokidagi qo’shma harbiy mashg’ulotlarni AQSh Harbiy-dengiz qo’mondonligi diqqat bilan kuzatmoqda.
Bir necha kun oldin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G’arb qurollari bilan Rossiyaga zarba berish javob choralariga olib kelishi haqida ogohlantirib, Yevropada raketa hujumlaridan ogohlantirish tizimi yo’q ekaniga va bunday holatda aholisi zich qit’a Rossiya bilan raketa hujumlari almashinuvini istamasligiga ishora qildi.
“Katta Yettilik” majlisida Rossiyaning Yevropadagi josuslariga nisbatan choralar xususida ham fikr almashilmoqda.