Yirik iqtisodiyotga ega sakkiz davlat rahbarlari xalqaro masalalar bo’yicha maslahatlashib olish uchun ertaga AQShda yig’ilmoqda.
Kun tartibidagi mavzular ko’lami keng – Afrikada oziq-ovqat xavfsizligidan tortib, Eron, Afg’oniston va Suriyadagi vaziyatgacha.
AQSh prezidentining Kemp Deyvid qarorgohida o’tadigan majlisda Yevropani qamrab olgan moliyaviy bo’hron va uning global iqtisodiyotga ta’siri keng muhokama qilinishi kutilmoqda.
Katta Sakkizlik AQSh, Britaniya, Kanada, Fransiya, Rossiya, Germaniya, Italiya va Yaponiyani o’z ichiga oladi. Fransiyaning yangi prezidenti Fransua Olland uchun bu ilk xalqaro anjuman. U Oq uyda ham mehmon bo’ladi.
Shu kungacha Germaniya va Fransiya olg’a surgan tashabbuslar sarfiyatni kesishga qaratilgan. Obama ma’muriyati ularni o’sishni ko’zlaydigan strategiya bilan chiqishga undamoqda.
Iqtisodchi Saymon Jonsonning aytishicha, yevrozonada krizis chuqurlashib boraversa, Barak Obamaning qayta saylanish imkoniyatlari pasayadi.
Afrikada oziq-ovqat xavfsizligi Katta Sakkizlik majlisida asosiy mavzulardan. Prezident Obama qit’ada Qishloq xo’jaligini rivojlantirishga qaratilgan dasturni e’lon qilishi kutilmoqda.
“AQSh tashqi siyosatida bu masalaga e’tibor katta. Sarmoya va yordam dasturlari qashshoqlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Majlisga Benin, Efiopiya, Gana va Tanzaniya rahbarlari ham taklif etilgan”, - deydi olima Kristin Vedding.
Afrika qishloq xo’jaligi sektoriga 3,5 milliard dollar sarmoya va’da qilgan Qo’shma Shtatlar ittifoqchi davlatlarni ham shunga da’vat etmoqda.