Suriya bo'yicha AQSh va Rossiya kelisha olmayapti

  • Amerika Ovozi

"Katta sakkizlik" sammiti doirasida AQSh prezidenti Barak Obama (chapda) va Rossiya rahbari Vladimir Putin o'zaro muloqot o'tkazdi, 17-iyun, 2013-yil.

Shimoliy Irlandiyada o’tayotgan “Katta Sakkizlik” sammitining ikkinchi ish kunida terrorizmga qarshi kurash, xalqaro korporatsiyalarning soliqdan bo’yin tovlashiga yo’l qo’ymaslik hamda Suriya mojarosi muhokama etildi. Kechagi yig’inlarda, ayniqsa, Suriya masalasi markaziy mavzuga aylangan.

Kecha o’tgan yig’inlarda mojaroni tugatish usullari bo’yicha tomonlar yakdil fikrda emasligi ma'lum bo'ldi. Ayniqsa, Rossiyaning Bashar al-Assad rejimini qo’llab-quvvatlashda davom etayotgani xalqaro anjuman ishtirokchilari tanqidiga uchradi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriyada urushni tugatish tarafdori ekanini aytadi, ammo buni qanday amalga oshirish bo’yicha AQSh va boshqa G’arb davlatlari olg’a surayotgan rejani noto’g’ri deb hisoblaydi.

Kecha Putin va Obama ayni shu masalada o’zaro fikr almashgan.

“Suriya muammosi bo’yicha qarashlarimiz turlicha, ammo zo’ravonlikni kamaytirish, kimyoviy qurollarning ishlatilishiga va tarqalishiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha umumiy manfaatlarga egaimiz”, - dedi AQSh rahbari Barak Obama.

Putin ham AQSh va Rossiya o’rtasida farqli qarashlar mavjud ekanini tan olib, o’z navbatida, asosiy maqsad har ikki tomonda bir xil ekanini e’tirof etdi.

“To’g’ri, fikrlarimiz bir joydan chiqmayapti, ammo hammamiz Suriyadagi zo’ravonlikning tugatilishini, qurbonlar sonining oshishiga yo’l qo’ymaslikni hamda muammoni tinch yo’l bilan hal qilishni istaymiz. Buni Jenevada tomonlarni muzokaraga jalb etish orqali amalga oshirmoqchimiz. Biz har ikki guruhni muzokaralar stoliga boshlash bo’yicha kelishib olganmiz”, - dedi Rossiya prezidenti.

Bo’lib o’tgan muloqotlarda isyonchilarni qurollantirish bo’yicha AQSh olg’a surgan reja tafsilotlari muhokama qilinmadi.

Kecha, shuningdek, Obama Suriya ichidagi va tashqarisidagi besh millionga yaqin urush qochqinlariga oziq-ovqat, boshpana va tibbiy yordam yetkazish uchun yana 300 million dollar ajratganini ma’lum qildi. Ushbu mablag’ning asosiy qismi Livan, Iordaniya, Iroq, Turkiya va Misrda tashkil etilgan qochqinlar lagerlarida yashayotgan suriyaliklarga sarflanadi.

AQShning o’tgan ikki yil ichida suriyalik qochqinlarga ajratgan jami insonparvarlik yordami miqdori 815 million dollarga yetgan.