Isroilning G’azo shimolidagi Bayt Lahiya shahrida ikkita uyga havo hujumida kamida 20 falastinlik o’lgan. Isroil havodan varaqa tarqatib, aholiga shaharni butunlay tark etishni buyurgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Natijada xalq boshi oqqan tomonga ketmoqda. Ayollar va bolalar yana sarson. Atrofdagi Bayt Hanun va Jabaliyadan ham odamlar qochmoqda.
“O’lyapmiz. Qayerga boraylik? Allohdan najot so’rayapmiz, axir butun dunyo bizni inkor etyapti”, - deydi bir falastinlik.
Mojaro boshidan beri Isroil hujumlarida sektorda 43300 dan ziyod odam o’lgan.
Bu o’rtada Isroil hukumati BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligining Isroildagi faoliyatini to’xtatish qarorini himoya qilmoqda.
"Isroil davlati gumanitar tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda davom etadi, ammo bizga qarshi terrorni targ’ib qilayotgan tashkilotlar bilan emas”, - dedi hukumat so’zlovchisi Deyvid Menser.
AQSh Davlat departamenti Isroil qaroridan norozilik bildirdi.
“Bu qarorning oqibatlari yuzasidan, G’azodagi gumanitar vaziyat yuzasidan jiddiy xavotirlarimiz bor. Isroil bu qonunni qabul qilmasidan oldin ham bor edi”, - deydi departament so’zlovchisi Mettyu Miller.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi G’azo Sektorida gumanitar yordamni tarqatuvchi asosiy tashkilotdir.
“BAPOR faoliyatini uch oyda to’xtatish G’azoda ko’proq odam o’ladi deganidir. Bunga aslo shubham yo’q”, - deydi idora rahbari Filip Lazzarini.
Falastin rasmiylari misli ko’rilmagan gumanitar inqiroz haqida ogohlantirmoqda.
"Bu BMT Nizomi tamoyillariga, Isroilning xalqaro huquq bo’yicha majburiyatlariga zid bo’lib, xavfli pretsedent yaratadi”, - deydi muxtoriyat Tashqi ishlar vazirligidan Varsen Shahin.
Isroillik tahlilchilarga ko’ra, BAPOR bilan aloqalarning uzilishi falastinliklarga yordamning kesilishiga olib kelmaydi.
“Isroil hukumati turli xalqaro tashkilotlarni, tashabbuslarni, xususiy sektorni jalb qilib, oxir-oqibat BAPORning o’rniga boshqa yechim topmoqchi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Nimrod Go’ren.
G’azo ahli vaziyatdan xavotirda.
"Chegara punktlari yopiq, oziq-ovqat yo’q. Hamma narsa juda qimmat. Mamlakatda hech vaqo yo’q. Biror narsa sotib olishga qurbimiz yo’q. Na shakar, na sabzavotlar”, - deydi Muhammad Lolo ismli bir odam.
Ba’zilar Amerikada saylovdan so’ng yangi rahbar kelib, mojaroga barham berishiga umid qilmoqda.