Breaking News

Bayden Eronni Isroil hujumiga javob bermaslikka chaqirdi


Isroilning o’tgan hafta Eronga hujumi ketidan dushanba kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharq mojarosiga chek qo’yishga chaqirdi.

Xalqaro hayot - 29-oktabr, 2024-yil - Bayden Eronni Isroil hujumiga javob bermaslikka chaqirdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:07 0:00

“Otashkesim zarur. Bu urushni tugatish kerak. Tugatish kerak”, - dedi u qayta-qayta.

Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer o’xshash fikr bildirdi.

"Isroil o’zini Eron bosqinidan himoya qilishga haqli ekaniga shubha yo’q. Kattaroq eskalatsiyaning oldini olish kerakligi ravshandir. Barcha taraflarni bosiqlikka chaqiraman. Eron javob bermasligi kerak. Ittifoqchilarimiz bilan gaplashib, butun mintaqa bo’ylab keskinlikni tushirishga harakat qilamiz”, - dedi Starmer.

Biroq Isroil Bosh Vaziri Benyamin Netanyaxu shashtidan qaytmasligini bildirdi.

“O’tgan shanba kuni Eronning o’nlab harbiy inshootlariga zarba berdik. Isroilning uzun qo’li uni yo’q qilishga da’vat etilgan joygacha yetib borishini yana bir bor ko’rsatdik”, - dedi u.

Eron Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Ismoil Bog’oiy Tehron javob berishini aytdi.

“Sionist tuzumning bosqiniga hal qiluvchi va samarali javob berish uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solamiz. Javobimiz hujumga mutanosib bo’ladi”, - dedi Eron rasmiysi.

AQSh Davlat departamenti Eronni Isroil hujumiga javob bermaslikka chaqirdi.

“Agar Eron javob qaytarsa, AQSh Isroilni himoya qilishda davom etadi”, - dedi departament so’zlovchisi Mettyu Miller.

AQSh rasmiysi Isroil parlamentida BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi idorasi faoliyatini man qilishga doir qonun qabul qilinganidan xavotir bildirdi.

"Agentlikning G’azodagi o’rnini hozirda bosib bo’lmaydi. Ular eng oldingi chiziqlarda muhtoj odamlarga gumanitar yordam yetkazmoqda. Mojaro o’rtasida hech kim ularning o’rnini egallay olmaydi. Isroilni ushbu qonun ijrosini to’xtatib turishga chaqirishda davom etamiz”, - dedi Miller.

Knesset qonunni 92 ga 10 ovoz bilan qabul qildi.

Tahlilchilar Eron va Isroil o’rtasida zo’ravonlik davrasi qachon va nima bilan tugashini aytishga qiynalmoqda.

“AQSh va ittifoqchilari Eronni bu yo’ldan qaytarish uchun da’vatlar qiladi, ogohlantirishlar beradi, ammo Eron bu ishni qilaveradi. Nazarimda, AQShning islomiy respublikani jilovlash salohiyati so’nib bormoqda. Tehrondagi rahbariyat bu ogohlantirishlarni jiddiy qabul qilishiga ishonchim komil ham emas”, - deydi AQShdagi “Yadroviy Eronga qarshi birlashing” tashkilotidan Jeyson Brodski.

Bayden ma’muriyati Yaqin Sharqdagi zo’ravonliklarga saylovgacha barham bermoqchi edi, biroq zo’ravonliklarning keti ko’rinmayapti.

Xususan seshanba kuni Isroilning G’azo Sektorida joylashgan Bayt Lahiya shahridagi imoratga hujumida kamida 55 falastinlik nobud bo’lgan. Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalar.

Falastinning favqulodda xizmatlar idorasiga ko’ra, Jabaliya, Bayt Lahiya va Bayt Honunda 100 mingga yaqin odam dori-darmon, oziq-ovqatsiz qolgan.

Isroil Livanni ham o’qqa tutishda davom etmoqda. Tunda Bekaa vodiysiga zarbalarda kamida 60 kishi o’lgan. So’nggi bir yilda Isroil Livanda 2700 dan ziyod odamning o’limiga sabab bo’ldi.

Seshanba kuni esa Sidon shahriga hujumda sakkiz livanlik nobud bo'lgan.

Bu o’rtada “Hizbulloh” yangi raisni sayladi. Sho’ro kengashi Isroilning sentabr oxiridagi hujumida halok bo’lgan Hasan Nasrullohning o’rinbosari, 71 yashar Naim Qosimni rahbarlikka tayinladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG