Breaking News

AQSh Isroildan G’azoda gumanitar ahvolni yaxshilashni talab qilmoqda


Qo’shma Shtatlar Isroildan G’azoga yuborilayotgan gumanitar yukning sektorga kirishiga to’sqinlik qilmaslikni talab qildi, aks holda siyosat o’zgarishi haqida ogohlantirdi.

Xalqaro hayot - 16-oktabr, 2024-yil - Zelenskiy “G’alaba rejasi”ni oshkor etdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:29 0:00

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin isroillik hamkasblariga shu mazmunda xat yo’llab, bir oy ichida gumanitar vaziyatni yaxshilashga chaqirgan.

“Davlat kotibi va mudofaa vaziri G’azoda gumanitar yordamni oshirish uchun muayyan qadamlar qilish zarurati haqida Isroil hukumatiga bildirishni lozim topdi. Hozirgi yordam ko’lami juda past”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Miller.

Qo’shma Shtatlar aprel oyida o’xshash iltimos bilan Isroilga murojaat etganidan so’ng G’azoga gumanitar yordam hajmi oshganini ta’kidlaydi. Biroq shundan beri yordam ko’lami 50 foizdan ko’p miqdorda tushib ketgan.

“Yordamga o’tkir ehtiyoj sezayotgan odamlarga uni yetkazishda quruqlik yo’llarini eng samarali deb bilamiz. Ushbu koridorlarning ochilishini istaymiz. Mudofaa vaziri shunga urg’u berishda davom etmoqda”, - deydi Pentagon matbuot kotibasi Sabrina Singx.

Oq uy ma’muriyati Isroil uning talabiga ko’nmasa qanday chora ko’rilishini oshkor etgani yo’q. Ayrim kuzatuvchilar Vashington Isroilga qurol savdosini cheklashi mumkinligiga ishora qilmoqda.

“Isroil AQShdan mudofaa uchun yordam olishda davom etmoqda. Bundan ortiq ma’lumot bera olmayman”, - deydi Singx.

Qo’shma Shtatlar shu hafta Isroilga THAAD havo mudofaasi tizimi va uni boshqarish uchun mutaxassislarni Isroilga safarbar etgan.

“Esminets kemalarimizning dengizdan harakatlanganini ko’rdingiz. Bu esa Eronning yana bir ballistik raketa hujumidan mudofaa qilish uchun quruqlikdan boshqariladigan tizim”, - deydi Pentagon vakili.

Isroil Eronning so’nggi raketa hujumiga hozircha javob bergani yo’q, ammo xabarlarga ko’ra, javob hujumi bo’yicha qaror qabul qilingan.

Vashington Isroildan Eron yadro va neft inshootlariga zarba bermaslikni, yolg’iz harbiy salohiyatini nishonga olish bilan cheklanishni so’ragani aytilmoqda.

Bu o’rtada Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer uning mamlakati va Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisini chaqirtirganini, unda Isroildan G’azoga gumanitar yordam kirishiga sharoit yaratishni talab qilishini bildirdi. Fransiya Isroilga qurol uzatishni to’xtatgan.

Britaniya Isroil Moliya vaziri Bezalel Smotrich va Xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga sanksiya qo’yish masalasini ham ko’rib chiqishi mumkin. Ben-Gvir va Smotrich Isroil vazirlar mahkamasining radikal a’zolaridan bo’lib, moliya vaziri XAMAS garovga olgan isroilliklarni ozod etish uchun ikki million g’azolikni ochlikka hukm qilish chorasini oqlab chiqdi.

Biroq Germaniya aksincha Isroilni qurol bilan ta’minlashda davom etishini bildirdi. Bu haqda chorshanba kuni Kansler Olaf Shols parlamentga hisobotida ma’lum qildi.

Isroil Livanga hujumida BMTing tinchlikparvar askarlarini yaralashi ketidan Yevropa Ittifoqi Isroildan BMT kuchlari xavfsizligini ta’minlashni talab qildi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu tashkilotni askarlarini Livandan olib chiqishga chaqirmoqda.

Biroq Italiya rahbari Jorjiya Meloni bunga qarshi.

“BMT tinchlikparvar kuchlarini Isroilning bir tomonlama iltimosiga ko’ra Livandan olib chiqish katta xato bo’ladi, missiya va BMTga bo’lgan ishonchga putur yetkazadi. Yillar davomida foydasi tekkan askarlarimizning sulhga erishilganidan so’ng ham foydasi tegishda davom etadi”, - dedi Meloni.

Italiya bosh vazirasi juma kuni Livanga borishini ma’lum qildi. Bu mamlakatda joylashgan bir necha ming sonli BMT kuchlari tarkibida mingdan ortiq italiyalik askarlar ham bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG