Breaking News

“Hizbulloh”ning Isroil harbiy bazasiga hujumida 4 yahudiy askar o’lgan


Yakshanba kuni Livanning “Hizbulloh” harakati Isroilning Binyamina shahri yaqinidagi harbiy bazaga dron bilan hujum qilib, kamida to’rt yahudiy askarni o’ldirgan, yetti nafari yaralangan. Bu Isroil armiyasi ma’lumotiga ko’ra. Biroq boshqa xabarlarda yaralanganlar 61 ta ekani aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 14-oktabr, 2024-yil - "Hizbulloh"ning Isroil harbiy bazasiga qonli hujumi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:01 0:00

“Hizbulloh” Isroilning payshanba kuni Bayrutga hujumi uchun o’ch olganini bildirdi. O’shanda 22 livanlik o’lgan, 100 dan ziyodi jarohat olgan.

Shu bilan birga, Isroil armiyasining Livan shimolida nasroniylar yashovchi Aytu shahriga hujumida kamida 18 odam o’lgan. Shu kungacha Isroil Livanning asosan janubiy hududlari, sharqdagi Bekaa vodiysi va poytaxt Bayrutni nishonga olib kelayotgan edi.

Yevropa mamlakatlari Isroilning o’tgan hafta BMT askarlari joylashgan hududga zarbalarini tanqid qilmoqda. Hujumda BMTning tinchlikparvar missiyasi doirasida xizmat qilayotgan besh askar yaralangan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu BMT kuchlarini Livandan chiqishga chaqirdi.

“BMT uning tinchlikparvar kuchlari xavfsizligi kafolatlanishini, BMT inshootlarining daxlsizligi ta’minlanishini talab qiladi”, - deydi BMT bosh kotibi so’zlovchisining muovini Farhon Haq.

Netanyaxu hujum uchun uzr so’radi va BMTga ogohlantirish berdi.

“BMT kuchlarini “Hizbulloh” faol jangovar hududlardan olib chiqish vaqti keldi. Askarlarni evakuatsiya qilishdan bosh tortish ularni “Hizbulloh” garoviga tushiradi, ularning va askarlarimizning hayotini xavf ostiga qo’yadi”, - dedi Netanyaxu.

Isroil Livan xalqi yoki BMT kuchlarini emas, “Hizbulloh” jangchilarini nishonga olayotganini bildirib keladi, biroq G’azoda ham, Livanda ham qurbonlarning aksariyatini tinch aholi tashkil etadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil armiyasini so’nggi kunlarda BMT kuchlariga do’q-po’pisa qilayotganlikda, Isroil tanklarini BMT kuchlari joylashgan bazaga yopirilib kirganlikda ayblaydi.

Italiya Bosh vazirasi Jorjiya Meloni tinchlikparvar kuchlar tarkibidagi italiyalik askarlar joylashgan ikkita baza Isroil armiyasi hujumiga uchraganini bildirdi.

BMTning Livandagi 10 ming sonli askarlarining mingdan ziyodi italiyaliklar.

Rim Papasi Fransisk yakshanba kungi ma’ruzasida BMTning tinchlikparvar kuchlarini hurmat qilishga chaqirdi.

Isroil armiyasining bosh shtabi rahbari general Xerzi Xalevi va Mudofaa vaziri Yoav Gallant hujumga uchragan bazani ko’zdan kechirdi, voqea yuzasidan tergov boshlandi.

AQSh Isroilning Eronga hujumini va Tehronning javob hujumini kutarkan, Eron hujumlarini qaytarishda yordam berish maqsadida Isroilga havo mudofaasi tizimini uzatishga qaror qildi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Sayid Abbos Arag’chi AQSh Isroilga raketa tizimlari va ularni boshqarish uchun harbiylarini yuborib, ularni xavf ostiga qo’yayotganini, Eronda o’z xalqini va manfaatlarini himoya qilish uchun hech qanday qizil chiziqlar yo’qligini aytdi.

Eron 1-oktabr kuni Isroilga o’nlab raketa otgan, Isroil javob qaytarishga do’q-po’pisa qilgan. Vashington Eron harbiy va energetika infratuzilmasi nishonga olinishini taxmin qilmoqda.

Isroilning “Hizbulloh”ga hujumlari G’azodagi amaliyotlarining susayishiga olib kelgani yo’q. Dushanba tongda Isroil sektor markazidagi al-Aqso kasalxonasiga zarba bergan. Shifokorlar bir necha odamning o’lgani, o’nlab falastinlikning jarohat olgani haqida ma’lum qildi.

"Xavfsiz joy qolmadi. Kasalxona, maktab, hamma joyni urishyapti. Besh kun oldin maktabga hujum qilishdi, bugun chodirlarga”, - deydi bir ayol.

Isroil XAMASni maktab va kasalxonalarda shtablar tashkil etganlikda ayblaydi, islomiy harakat bu da’volarni inkor etib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG