AQShning Afrikadagi qo'mondonligi rahbari general Maykl Lenglining aytishicha, Somalidagi "Islomiy davlat" a'zolari soni so'nggi bir yil ichida qariyb ikki baravar ko'paygan.
"Men Somalining shimoliy qismidan va IShID soni ortib borayotganidan xavotirdaman", - dedi AFRICOM qo'mondoni “Amerika Ovozi”ga bergan eksklyuziv intervyusida.
Lengli Somalida qancha “Islomiy davlat” jangarilari borligi to‘g‘risida ma’lumot bermadi, lekin o‘tgan yili guruh hajmi “ikki baravar” ko‘payganini qayd etdi. Avvalgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Somalining shimolidagi “Islomiy davlat” jangarilari soni 200 ga yaqin bo’lgan.
AFRICOM qo'mondoni, shuningdek, Somalida xorijiy jangarilar sonining ko'payishi ehtimoli haqida ogohlantirdi.
Amerikalik rasmiylardan biri iyun oyida "Amerika Ovozi"ga "Islomiy davlat"ning Somalidagi yetakchisi Abdulqodir Mo'min may oyida Amerika havo hujumiga uchraganini aytgan edi. Lekin Mo‘min zarbadan omon qolgani taxmin qilinmoqda.
“Al-Shabab”
Somalining shimolida "Islomiy davlat" jangarilarining ko'payishi “Al-Qoida” bo'limi “Al-Shabab” Somali va Efiopiya o'rtasidagi diplomatik kelishmovchiliklardan foydalanib, o'z a’zolari sonini ko'paytirgani bilan bog'liq.
Dengizga chiqish yo'li bo'lmagan Efiopiya va Somalining bo'linib ketgan Somaliland mintaqasi shu yil boshida Qizil dengizdagi Berbera portidan foydalanish bo'yicha o'zaro anglashuv memorandumini imzoladi, Somali esa bu kelishuvni rad etdi. Somali Bosh vaziri Hamza Abdi Barre juma kuni BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishida Efiopiyani Somalining hududiy yaxlitligini “qo‘pol ravishda buzayotgan” harakatlarda aybladi.
"Ular bu bahsdan o'z manfaati uchun foydalanishdi", - dedi Lengli "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
Yuqori martabali mudofaa mulozimlari iyun oyida "Amerika Ovozi"ga ma'lum qilishlaricha, “Al-Shabab” kuchli moliya va keng odam yollash harakatlari tufayli 12-13 ming jangchi to’plagan.
Siyosiy kelishmovchilik Addis-Abeba va Mogadishu oʻrtasidagi terrorga qarshi hamkorlikka ham zarar yetkazdi, dedi Lengli.
"Ular o'zaro kelishmovchiliklarni hal qilib, samarali kuch sifatida birlasha oladimi yoki yo'qligini vaqt ko'rsatadi, chunki ular birgalikda harakat qilsagina “Al-Shabab”ni yo'q qilishda natija ko’rsata oladi", - deya qo’shimcha qildi u.
“Al-Shabab” tinch aholiga, jumladan, Mogadishu hududiga hujumlarini davom ettirmoqda. Terror guruhi avgust oyida Somali poytaxtidagi mashhur plyajda kamida 32 kishining hayotiga zomin bo'lgan qurolli va xudkushlik hujumini sodir etdi. Guruh, shuningdek, Oʻrta Shabel viloyatida va prezident idorasidan bir kilometr masofada yuz bergan ikkita halokatli portlashni amalga oshirganlikda gumon qilinmoqda.
“Al-Shabab” Somalining janubi-g'arbiy shtatidan Juba daryosi vodiysigacha bo’lgan hududlardan surib chiqarilgan edi. U endi bu hududlarni qayta tiklashga va qarshi hujumga o'tishga harakat qilmoqda.
AQShning yuqori martabali mudofaa mulozimlariga ko'ra, Somalining markaziy qismida “Al-Shabab” so'nggi ikki yil ichida Somali kuchlari erishgan yutuqlarni o'zgartira oldi. Hukumat qaytarib olingan hududlarni ushlab tura olmagan.
Lenglining so'zlariga ko'ra, mintaqani tozalash va ozod qilishdan keyingi vaqt juda muhim, chunki Somali va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi kabi sheriklar aholining federal hukumatga bo'lgan ishonchini oshiradigan mahalliy xizmatlarni tezlik bilan yo’lga qo’ya olishi kerak.
Somalidagi Afrika ittifoqi missiyasi
Qariyb ikki yil davomida “Al-Shabab” terrorchilariga qarshi kurashda Somaliga yordam bergan Afrika Ittifoqining Somalidagi oʻtish missiyasi shu yil oxirida mamlakatni tark etadi va uning oʻrnini 2025-yildan boshlab Afrika Ittifoqining qoʻllab-quvvatlash va barqarorlashtirish missiyasi egallaydi. Missiyaga qaysi kuchlar kirishi Afrika Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan hozircha ishlab chiqilmoqda.
Lengli bu missiyada AQSh ishtirok etmasligini aytib, Amerika kuchlari faqat maslahat va yordam berish missiyasini saqlab qolishini ta’kidladi.
Xutiylar
"Islomiy davlat" va "Al-Shabab"dan tashqari, Somali Aden ko'rfazi bo'ylab Eron tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan xutiy jangarilaridan ham xavotirda bo'lishi kerak. Langlining aytishicha, xutiylarda "Al-Shabab" bilan hamkorlik qilishga "intilish" bor.
"Biz xavotirdamiz va biz buni diqqat bilan kuzatmoqdamiz, chunki bu tezda yomon tus olishi mumkin", - dedi u.
Agar xutiylar va “Al-Shabab” Adan ko'rfaziga qarama-qarshi tomondan bosim o'tkazsa, bu savdoning erkin oqimiga yanada to'sqinlik qilishi va global iqtisodiyotga ta'sir qilishi mumkin. Tahlilchilar esa xutiylar Somali uchun kurashga yanada murakkab qurollarni qo'llashi mumkinligidan xavotirda.
Xutiy jangarilari oktabr oyida G'azoda urush boshlanganidan beri 80 dan ortiq savdo kemalarini raketa va uchuvchisiz dronlar bilan nishonga oldi; lardan birini qo'lga oldi, ikkitasini cho'ktirdi va kamida to'rt dengizchini o'ldirdi. Boshqa raketalar va uchuvchisiz samolyotlar Qizil dengizda AQSh boshchiligidagi koalitsiya tomonidan urib tushirilgan yoki nishonga tegmagan.
Xutiy jangarilar kampaniyasi Isroil G‘azoda Xamasga qarshi urush boshlaganidan so‘ng yuz berdi. Ular bu urushda falastinliklar bilan birdam ekanliklarini da’vo qilmoqda.