Breaking News

Bayrut G'azoga o'xshab bormoqda


Bayrut, Livan
Bayrut, Livan

Isroilning Bayrutga hujumlari davom etmoqda. Payshanba kuni shahar markazidagi aholi zich joylashgan mahallaga zarbalarda 22 odam o’lgan, 117 nafar livanlik jarohat olgan.

Xalqaro hayot - 11-oktabr, 2024-yil - Bayrut G'azoga o'xshab bormoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:08 0:00

Isroil “Hizbulloh” xavfsizlik idorasining vakili Vafiq Safoni nishonga olganini ma’lum qildi, Safo hujumda omon qolgani aytilmoqda.

Isroil hujum haqida ogohlantirish bermagani, ushbu mahalla “Hizbulloh”ning Bayrut janubidagi qarorhogidan boshqa joyda joylashgani ma’lum bo’ldi.

Isroil harbiylari Livanni Isroilga ulovchi tunnelga duch kelganini, “Hizbulloh” ushbu tunnel orqali yahudiy davlatga hujum qilmoqchi bo’lganini bildirdi.

“Tunellardan tashqari Isroilga hujum qilish taraddudida bo’lgan harbiy texnika, qurollar topilgan. “Hizbulloh” Radvan maxsus kuchlarini Isroilga yuborib, aholisini o’ldirmoqchi bo’lgan”, - deydi Isroildagi Alma tadqiqot va ta’lim markazining asoschisi Sarit Zehavi.

Iste’fodagi podpolkovnikning aytishicha, Isroil armiyasi “Hizbulloh”ning Livan janubida yashirilgan ko’plab qisqa masofali raketalarini topib yo’q qilishga muvaffaq bo’ldi.

Bunday raketalar yelkadan otiladi va Isroilning “Temir gumbaz” havo mudofaasi tizimi ularni urib tushira olmaydi.

O’tgan oy Isroil “Hizbulloh”ning o’nlab jangchilarini peyjer hujumida o’ldirdi, minglab vakilini yaraladi, so’ng havo hujumlarida harakat rahbari Hasan Nasrulloh va qator rahbarlarini yo’q qildi.

Kuzatuvchilar Isroilning bu amaliyotlari “Hizbulloh”ning nisbiy zaifligini oshkor etganini aytadi.

“Hizbulloh” 180 mingta raketasi borligini, har kuni Isroilga mingtadan raketa otib, butun hududini nishonga ola bilishini, juda kuchli tashkilot ekanini aytgan edi, ammo Isroilning hujumlari harakat uchun kutilmagan hol bo’ldi”, - deydi Tel-Aviv universitetidan Eyal Zisser.

Isroil hujumlarida shu kunga qadar Livanda 2200 dan ziyod odam o’lgan, 11 mingdan oshig’i yaralangan, bir millionga yaqin livanlik uyidan qochishga majbur bo’lgan.

"Xavfsizlik Kengashidan Isroil Livanda bosib olgan barcha hududlardan chiqib ketishini va kundalik ravishda zo’ravonliklarga barham berishini jiddiy va zudlik bilan kafolatlashga chaqiraman”, - dedi Livan Bosh vaziri Najib Mikati.

Bayrut borgan-sari G’azoga o’xshab bormoqda.

“Isroil hujumlari haddan ziyod odamga qimmatga tushyapti. 2000 dan ortig’i o’lgan, ko’pi yaralangan, yuz minglab odam uy-joyidan ayrilgan”, - deydi BMTning Livan bo’yicha maxsus muvofiqlashtiruvchisi Janin Xennis-Plashert.

Bayden ma’muriyati otashkesimga kelishishga harakat qilayotganini, Livanning ikkinchi G’azoga aylanishini istamasligini bildirmoqda.

Shu bilan birga Qo’shma Shtatlar Isroilning “Hizbulloh” infratuzilmasini yo’q qilish harakatini qo’llab-quvvatlamoqda.

Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer Isroilning zarbalari maqsadli ekanini aytsa-da, kuzatuvchilar bunga qo’shilmaydi.

“Bayden ma’muriyati Isroilga “Hizbulloh”ga hujum qilish va uning salohiyatini zaiflashtirishga imkon berayotganini aytadi. Ammo bu Livanga qarshi ochiq urushni anglatadi. Ochiq urushdan tinch aholi jabr ko’rmoqda, bir million odam uyidan qochdi. Bu aholining salkam choragi”, - deydi Nyu-York universitetidan Muhammad Bazzi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroilning Livan janubiga hujumida BMT tinchlikparvar kuchlarining ikki nafar indoneziyalik vakili yaralanganini bildirdi.

“Isroil mudofaa kuchlarining BMT qo’shinlariga qarshi tartibsiz hujumlari Isroil o’zini qonundan ustun qo’yganiga yaqqol misoldir”, - deydi Indoneziyaning BMTdagi elchisi muovini Hari Prabovo.

Livanda BMTning 10400 dan oshiq tinchlikparvar kuchlari bor.

Isroil xavfsizlik mahkamasi payshanba kuni Eron hujumlariga qarshi javob choralarini muhokama qildi, biroq aniq bir qarorga kelmadi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Isroilni Eron neft inshootlariga hujum qilmaslikka chaqirgan. Tehron Fors ko’rfazidagi arab mamlakatlari Isroilga bu ishda yordam bersa, ularning neft infratuzilmasi nishonga olinishi haqida ogohlantirmoqda.

Ayrim tahlilchilar Oq uy Isroil harakatlarini nazorat qilishga ojiz ekanini ta’kidlamoqda.

ISROIL G'AZODA 28 ODAMNI O'LDIRDI

Payshanba kuni Isroilning G’azo markazidagi maktabga hujumida kamida 28 odam, jumladan bolalar va ayollar o’lgan, 54 kishi jarohat olgan. Yaradorlar Dayral Balahdagi kasalxonaga yetkazilgan. Hujum paytida maktabda Isroil zarbalaridan jon saqlayotgan yuzlab odam bo’lgan.

Isroil armiyasi XAMASni nishonga olganini, maktabda harakatning boshqaruv va nazorat markazi joylashganini bildiradi. Harakat Isroil da’volarini inkor etadi.

Isroilning sektordagi hujumlarida o’lganlar soni 42 mingdan oshdi.

Isroil armiyasi Jabaliya aholisiga shaharni tark etishni buyurgan. BMT hisobicha, hududda 400 mingdan ziyod falastinlik jon saqlamoqda.

Isroil, shuningdek, uchta kasalxona bemorlari va tibbiy xizmatchilariga kasalxonalardan ketishga 24 soatlik muhlat bergan.

Kamol Advan kasalxonasining direktori aksariyati bolalar bo’lgan 80 ta bemorning hayoti xavf ostida ekanini, Isroil kasalxonani yoqilg’idan ayirayotganini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG