Qo’shma Shtatlar chorshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashidagi majlisda Isroilni qo’llab-quvvatlab, yahudiy davlatning Livanga hujumini o’zini “Hizbulloh”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi, Eronning harakatlarini qoraladi.
"Isroil o’zini mudofaa qiladi. Biz jim turmaymiz. Eron bu harakatlari uchun misli ko’rilmagan oqibatlarga yuz tutadi”, - dedi Isroilning BMTdagi elchisi Denni Denon.
Eron elchisi Amir Said Irvaniyning aytishicha, Tehronning seshanba kungi raketa hujumi muvozanatni tiklash uchun qilingan. Diplomat Isroil G’azoda urushni va Livanga hujumlarini to’xtatsa, ziddiyatlar kuchaymasligini aytdi.
"Eron bundan keyin ham mudofaa choralarini ko’rishga, o’zining qonuniy manfaatlarini va hududiy daxlsizligini himoya qilishga tayyor”, - dedi u.
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild uning mamlakati Isroilga o’zini mudofaa qilishga yordam berishda davom etishini aytdi.
"Eron o’z qilmishlari uchun javob beradi. Eron va uning proksilarini AQSh yoki Isroilga qarshi harakatlardan tiyishga chaqiraman”, - dedi u.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil va Eronni o’zaro hujumlarni bas qilishga chaqirdi. Isroil Guterrishni noxolislikda ayblab, mamlakatga kirishini taqiqlab qo’ydi.
Isroil va AQSh Eronga sanksiya qo’yishga chaqirdi.
Rossiya elchisi Vasiliy Nebenzyaga ko’ra, Eron Isroilga o’z-o’zidan hujum qilgani yo’q, Livan, G’azo, Suriya, Yamandagi voqealar bunga sabab bo’lgan.
Isroil-Eron ixtilofi AQShni ham o’ziga tortishi mumkin
AQSh Prezidenti Jo Bayden Eron-Isroil ixtilofini “Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar rahbarlari bilan muhokama qilganini aytadi.
“Barchamiz Isroil Eron hujumiga javob berishga haqli degan fikrdamiz va javob mutanosib ravishda bo’lishi kerak”, - dedi Bayden.
U Isroilning Eron yadro inshootlariga hujum qilishini qo’llab-quvvatlamasligini bildirdi.
Bayden Isroilning G’azodagi urushi “Hizbulloh” va hatto Eron bilan mojaroga olib kelishi haqida Isroilni ko’pdan beri ogohlantirib kelgan.
Eronning raketa hujumlariga qaramay, Isroil Livanni o’qqa tutishda davom etmoqda, qo’shin kiritgan.
“Yovuzlik o’qiga qarshi hamma joyda kurashamiz – G’arbiy Sohil, G’azo, Livan, Yaman, Suriya va Eronda ham”, - dedi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu.
Vashington Eron-Isroil ixtilofi kuchaysa, mintaqaviy mojaroga tortilish ehtimolidan xavotirda. Tehron Isroil unga hujum qilsa, mintaqadagi mamlakatlarni javobgarlikka tortishini bildirdi.
“Eron va uning proksilari Saudiya Arabistonida neft inshootlariga hujum qilishi, Iroq va Suriyada Eronga xayrixoh guruhlar Amerika askarlarini nishonga olishi, bu esa AQShning urushga kirishiga yo’l ochishi mumkin”, - deydi sobiq muzokarachi Aaron Deyvid Miller.
Qo’shma Shtatlar Eronning Isroilga qaratilgan raketalarini urib tushirishda yordam beryapti, ammo Eronning o’ziga to’g’ridan-to’g’ri zarba berishga tayyormi, ma’lum emas.
Vashingtonning mojaroni jilovlashga qaratilgan ko’p oylik harakatlari samara bermayapti.
Eron Oliy diniy raisi Ali Xomeneiy Yaqin Sharqdagi urushlarda AQSh va Yevropa davlatlarini aybladi.
“Agar ular mintaqani tark etsa, bu mojarolar, urushlar, to’qnashuvlar batamom yo’qoladi”, - dedi u.
Oq uy ayni damda Eronga qarshi yangi sanksiyalar ustida ishlayapti.